Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli qishki rekorddan ham oshib ketdi

O‘zbekistonda yozgi elektr iste’moli qishki rekorddan ham oshib ketdi

O‘zbekiston yagona energetika tizimida elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha yangi tarixiy rekord qayd etildi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste’moli 284 million kVt·soatga yetdi. Bu ko‘rsatkich nafaqat avvalgi yozgi rekord, balki qishki maksimal iste’moldan ham yuqori bo‘ldi.

Ma’lum qilinishicha, yangi rekord 13-iyul kuni qayd etilgan 278,6 million kVt·soatlik yozgi ko‘rsatkichdan 5,4 million kVt·soatga (1,94 foiz), joriy yil 24 yanvarda qayd etilgan 283 million kVt·soatlik qishki rekorddan esa 1 million kVt·soatga ko‘pdir.

Shuningdek, 14-iyul kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham yangi yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, 287,3 million kVt·soatni tashkil qildi. Bu qishki maksimal ishlab chiqarish hajmidan 9,7 million kVt·soatga (3,49 foiz) yuqori.

Yuqori yuklama davrida elektr ta’minoti barqarorligini saqlash maqsadida avariya-ta’mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Xususan, Toshkent shahrining Chilonzor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Sergeli va Olmazor tumanlarida yuzaga kelgan nosozliklar tezkor bartaraf etildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatining bir qator tumanlarida kuchli shamol tufayli uzilgan elektr ta’minoti ham qisqa vaqt ichida bosqichma-bosqich tiklandi.

Vazirlik hududlarda elektr stansiyalari, podstansiyalar, transformator punktlari va elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, yuqori iste’mol soatlarida ayrim hududlarda texnik nosozliklar sababli elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligi qayd etildi.

Energetika vazirligi aholidan elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishni, ayniqsa, konditsionerlarni 24–26 daraja haroratda ishlatish va ularning filtrlarini muntazam tozalab turishni so‘radi. Bu elektr sarfini kamaytirish, tarmoqlarga tushadigan yuklamani pasaytirish va salomatlik uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring