Prezident UNESCO konferensiyasi ochilishida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari anjuman ishtirokchilarini madaniyatlar va sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida samimiy qutladi. Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini, UNESCO Bosh direktori Odri Azule, xorijiy mamlakatlar hukumatlari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillariga, barcha delegatsiyalarga konferensiyada ishtirok etayotgani uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida bu galgi sessiya so‘nggi 40 yilda birinchi marta tashkilotning Parij shahridagi bosh qarorgohidan tashqarida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.
– Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotganini Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi deb qabul qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekiston yetakchisi tashkilot o‘zining 80 yillik faoliyati davomida ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida global hamkorlikni, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan nufuzli xalqaro institutga aylanganini qayd etdi.
Shu ma’noda, xalqlarning milliy o‘ziga xosligi, ularning madaniy merosini saqlab qolish, turli dinlar o‘rtasida yaqin muloqotni mustahkamlashda UNESCO roli ortib borayotgani ta’kidlandi.
– Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik g‘oyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida o‘tkazilayotganida chuqur ramziy ma’no bor, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot va madaniyat beshigi bo‘lgan Samarqandning buyuk merosini yodga oldi. Xususan, Kopernik va Kepler kashfiyotlariga asos bo‘lgan mashhur yulduzlar jadvali yaratilgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasini eslatib o‘tdi. Prezidentimiz mehmonlarni Buyuk ipak yo‘li durdonasi, tinchlik va xalqlar do‘stligi diyori bo‘lgan Samarqand ruhidan bahramand bo‘lishga chorladi.
Geosiyosiy keskinlik va harbiy nizolar noyob yodgorliklar va madaniy merosga ziyon yetkazayotgani, bilim va raqamli texnologiyalardan foydalanishdagi tafovut global tengsizlikni kuchaytirayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston rahbari bunday murakkab sharoitda UNESCO asosiy vazifalarini bajarish uchun birdamlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. O‘zbekiston tashkilotning ezgu maqsadlariga sodiqligini, konstruktiv hamkorlik uchun ochiq maydon sifatida Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasida ko‘prik bo‘lib xizmat qilishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz UNESCO bilan 2027 yilgacha mo‘ljallangan besh yillik hamkorlik dasturini amalga oshirmoqda. Uning doirasida buyuk mutafakkir va arboblar – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod yubileylariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazildi, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasi kabi ilmiy muassasalar va adabiy yodgorliklar, jumladan, “Alpomish” dostonining tarixiy sanalari keng nishonlandi.
Butunjahon merosi shaharlari – Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandga Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi bo‘yidagi yodgorliklar qo‘shildi. G‘arbiy Tyan-shan va Turon cho‘llarining tabiiy hududlari mintaqaning o‘ziga xos bioxilma-xilligini aks ettiradi.
Prezidentimiz O‘zbekistonning yigirmaga yaqin nomoddiy merosi – “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya san’ati, miniatyura, Navro‘z bayrami, atlas va adras to‘qish an’analari UNESCO e’tirofiga sazovor bo‘lganini eslatdi. Tashkilot shafeligida "Sharq taronalari", maqom san’ati, baxshichilik, hunarmandchilik va etnosport festivallari o‘tkazib kelinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter