Qoraqalpog‘istonda Ichki ishlar organlari xodimlari bayram munosabati bilan taqdirlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, soha fidoyilari va faxriylarini bayram bilan tabrikladi.
Dastlab Davlatimiz rahbarining Ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ko‘p millatli xalqimiz yurtimiz tinchligi, totuvligini ta’minlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilishdek ulug‘ ishlarga o‘z hayotini bag‘ishlagan ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli xizmatini yuqori baholaydi. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar sohasini tubdan isloh qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, jinoyatchilikning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash, qolaversa, professional malakali kadrlarni tayyorlash, soha xodimlarini ijtimoiy va huquqiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ko‘plab ishlar olib borilmoqda.

Albatta, sohada amalga oshirilayotgan bunday amaliy chora-tadbirlar o‘z navbatida ichki ishlar organlarida o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishda va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda, soha xodimlarini va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, mashaqqatli mehnatlarini munosib rag‘batlantirishda muhim hisoblanadi. O‘tgan qisqa vaqt ichida qiymati 40,3 milliard so‘m bo‘lgan Ichki ishlar vazirligining yangi binosi zamonaviy ko‘rinishda qurib bitkazilib, Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboy tumanlarida vazirlikning mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari yangidan qurildi. Bundan tashqari Qo‘ng‘irot tumani Ichki ishlar bo‘limi, Beruniy hamda Qo‘ng‘irot tumanlarida "Maxsus qabulxona" binolari foydalanishga topshirildi. Soha xodimlariga 39 ta xizmat avtotransport vositasi topshirilib, joriy yilning o‘zida 22 nafar xodim uy-joy bilan ta’minlandi. Qolaversa, hozirgi vaqtda har oyda jami 398 nafar xodimning turar joylari ijara pullari to‘lanayotgani, joriy yilda soha xodimlarining 138 nafar farzandi oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda o‘qishga kirgani, soha xodimlari va ular oila a’zolarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani ko‘ngillarga faxr tuyg‘ularini bag‘ishlaydigan ezgu ishlardan hisoblanadi.

Darhaqiqat bugungi kunda dunyo mamlakatlari o‘rtasida kechayotgan o‘zaro ziddiyatlar bizdan har qachongidan ham hushyor va ogoh bo‘lishni talab etmoqda.

Bayram tadbirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan mamlakatimiz ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik samarali xizmati, yurtimizda jamoat xavfsizligi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish yo‘lidagi ibratli faoliyati uchun taqdirlangan soha vakillariga orden va medallar topshirildi. Shuningdek o‘z burchini sharaf va mas’uliyat bilan ado etib kelayotgan bir guruh soha vakillari va faxriylar Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining buyruqlari asosida ko‘krak nishonlari, muddatidan oldin maxsus unvonlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter