Qoraqalpog‘istonda «Media haftalik»ning ilk bosqichi yakunlandi (foto)
So‘nggi besh kun mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi mamlakatimiz axborot makonining tom ma’nodagi qaynoq markaziga — o‘ziga xos innovatsion «media-xab»ga aylandi. O‘zbekiston bo‘ylab start olgan keng miqyosli «Media haftalik»ning dastlabki bosqichi Orolbo‘yi hududida muvaffaqiyatli nihoyalanmoqda.
Quruq akademik ma’ruzalar formatidan voz kechilib, jonli amaliyot ustiga qurilgan ushbu loyiha boshida kutilganidan ko‘ra ancha keng qamrov oldi. Ishtirokchilar tarkibi turli yo‘nalishlarni o‘zida birlashtirdi: mashg‘ulotlarga 60 dan ortiq axborot xizmati rahbarlari va xodimlari, hududiy va mahalliy telekanallarning 80 dan ziyod vakillari (muxbir, tasvirchi, montajchi, rejissyor, muharrir), bosma va elektron OAVning 50 dan ziyod xodimlari hamda yana shuncha mustaqil blogerlar jalb etildi. Eng katta qismni esa zamonaviy trendlarga intiluvchi 500 nafardan ko‘p mobilograf, SMM mutaxassisi, vayner va kontent yaratishga qiziquvchi yoshlar tashkil etdi. Media haftalik haqida ilk anonslar e’lon qilingach, unda ishtirok etish istagini bildirganlar va jamoaga kelib qo‘shilganlar soni yanada oshdi.
Natijada hududdagi 700 dan ortiq media vakillari bir maqsad yo‘lida, bitta ochiq muloqot maydonida jam bo‘ldi. Bu shunchaki navbatdagi o‘quv kursi emas, balki axborot uzatishning eskicha qoliplaridan voz kechib, voqelikka mutlaqo yangicha nigoh bilan qarashga undovchi haqiqiy tajriba maktabi bo‘ldi.
Mazkur haftalik — milliy mediamiz uchun yangi qon, yangi ovoz, ijodiy turg‘unlikdan uyg‘onish uchun kuchli impuls vazifasini o‘tab berdi. Eng quvonarlisi, mashg‘ulotlarga turli xil qarashlar va bilim darajasi bilan kirib kelgan ishtirokchilar haftalik yakuniga kelib, global tarmoqdagi axborot xurujlariga qarshi tura oladigan, sun’iy intellektdan mohirona foydalanadigan va kreativ kontent yaratishning zamonaviy qurollarini to‘liq o‘zlashtirgan yangi formatdagi professionallarga aylandi.
Endilikda ular axborot oqimini shunchaki passiv kuzatuvchi emas, balki inqirozli vaziyatlarni boshqarish kabi murakkab mexanizmlarni amaliyotda qo‘llay oladigan faol, salohiyatli kadrlar sifatida namoyon bo‘lishadi. Qolaversa, besh kunlik fikr almashuvlar davlat idoralari hamda jurnalistlar, blogerlar o‘rtasidagi ko‘rinmas devorlarni buzib, o‘zaro ishonch va konstruktiv hamkorlikka asoslangan yangi media madaniyatiga mustahkam poydevor yaratdi.
Ishtirokchilar beshta asosiy yo‘nalishga bo‘lingan holda o‘qitildi. Haftalikning intensiv dasturidan media sohasining eng dolzarb masalalari o‘rin oldi.
Xususan:
Bosma va internet nashrlari vakillari uchun tashkil etilgan maxsus sessiyalarda sun’iy intellekt davrida axborot generatsiyasi, raqamli etika qoidalari, feyk xabarlarni aniqlovchi faktcheking vositalari bo‘yicha ko‘nikmalar chuqur o‘rgatildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash mavzularini yoritish amaliyoti tahlil qilinib, bunda xolislikni saqlagan holda ishonchli manbalar bilan ishlashning yangicha usullariga alohida urg‘u berildi. Bundan tashqari, katta hajmdagi murakkab statistika va raqamlarni o‘quvchiga tushunarli, jozibador shaklda yetkazish, ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Televideniye ijodkorlari — muxbir, tasvirchi va montaj ustalarini qamrab olgan darslarda siyosiy va iqtisodiy islohotlarni inson taqdiri va kreativ rakurslar orqali tomoshabinni jalb qiluvchi qiziqarli reportajlar formatida yoritish masalalariga e’tibor qaratildi. Ta’sirchan hujjatli filmlar yaratish konsepsiyasi, bu jarayonda ishonchli manbalar bilan ishlash va mualliflik mas’uliyati tahlil qilindi. Texnik mutaxassislar esa amaliy mashqlar davomida «Ronin» uskunasi yordamida kadr balansini saqlash va mikro-silkinishlarni yo‘qotish usullarini, shuningdek, zamonaviy ko‘rsatuv ritmini shakllantiruvchi ilg‘or montaj sirlarini o‘zlashtirdi.
Davlat organlari va tashkilotlarning axborot xizmati rahbarlari esa strategik kommunikatsiya, antikrizis vaziyatlarda reputatsiyani tiklash, bayonot va raddiya berish qoidalari, ochiqlik indeksi va KPI bo‘yicha bilimlarini mustahkamladi. Matbuot kotiblari uchun o‘tkazilgan maxsus master-klasslarda neyrotarmoqlar yordamida sifatli matnlar yozish, kreativ g‘oyalarni shakllantirish, qisqa fursatda video va media-dizayn mahsulotlarini yaratish amaliyotda ko‘rsatib berildi.
SMM mutaxassislari va blogerlar mashg‘ulotlarda auditoriya e’tiborini soniyalar ichida jalb qiladigan kreativ mobil reportajlar tayyorlash va vizual storitelling (voqeani tasvirlar orqali ta’sirchan hikoya qilish) san’atining eng so‘nggi trendlari bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirdi. Ishtirokchilar ijtimoiy tarmoqlarning murakkab algoritmlari bilan ishlash, kontent qamrovini organik tarzda oshirib, uni «tavsiyalar» bo‘limiga olib chiqishning sinalgan usullari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, sahifalarni yuritishda brend imijini to‘g‘ri shakllantirish, maqsadli SMM-strategiya ishlab chiqish hamda foydalanuvchilar bilan interaktiv muloqot o‘rnatish orqali jamoatchilik ishonchini qozonish ko‘nikmalariga ega bo‘lishdi.
Ushbu saboqlarning eng muhim ahamiyati, avvalo, loyihaga jalb etilgan spikerlarning o‘ta kuchli, salkam «yulduzli» tarkibi bilan izohlanadi. Mashg‘ulotlar faqat nazariyotchilar emas, balki bugungi kunda respublika media maydonining ob-havosini belgilab berayotgan amaliyotchi ekspertlar tomonidan olib borildi. Xususan, Beruniy Alimov va Nozima Toshpo‘latova kabi yetuk media-ekspertlar, Prezident faoliyatini yorituvchi tajribali jurnalist Jahongir Olimov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi vakili Ikrom Avvalboyev, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasidan Ulug‘bek Rahmonqulov, mashhur teleprodyusser Baxtiyor To‘raxonov, mualliflik bloglarini yurituvchi tarmoq faoli Muhrim A’zamxo‘jayev kabi taniqli nomlar darslarning salmog‘ini oshirdi.
Shuningdek, raqamli kontent ustalari — millionlab kuzatuvchilarga ega bloger va vaynerlar Bobur Mansurov, Mavluda Hikmatova, Gulruh Pirnazarova hamda media sohasining boshqa ko‘plab professional namoyandalari auditoriya bilan o‘zlarining eng sara bilimlarini bo‘lishishdi. Jonli va interfaol tarzda, SWOT-tahlillar hamda pre-test/post-testlar orqali o‘tkazilgan ushbu darslarda ishtirokchilar o‘z xatolarini bevosita mana shu mutaxassislar bilan birgalikda tahlil qilib, to‘g‘ri, ta’sirchan va zamonaviy kontent yaratishning real formulalarini o‘zlashtirdilar.
Haftalik doirasida Davlat rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan 10 000 nafar SMM mutaxassisini tayyorlash loyihasining borishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Aloqabank, Kontent markazi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorligidagi mazkur bepul kurslarga bugungi kunga kelib 7 mingdan ortiq, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 500 dan ziyod yoshlar qamrab olindi. Hozirda kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlar soni 2000 nafardan oshdi. Ahamiyatlisi, bitiruvchilarga o‘z kasblari ortidan barqaror daromad topishlari uchun bank tomonidan maxsus imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda va ko‘plab yoshlar allaqachon yuqori daromad chegarasiga chiqishga ulgurdi. Haftalik mobaynida Aloqabank va Kontent markazi vakillari tomonidan kurs bitiruvchilariga sertifikat hamda plastik kartalar topshirildi.
Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi va Kontent markazi tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab 1000 nafar, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 175 nafar yigit-qiz mobilografiya yo‘nalishida bepul o‘qitilgan bo‘lib, hududdagi ushbu yosh ijodkorlar ham media haftalikka jalb etildi. Hozirga kelib, mazkur bitiruvchilarning 68 nafari o‘z mutaxassisligi ortidan mustaqil daromad manbaiga ega bo‘ldi, yana 23 nafari sinov muddati bilan turli tashkilotlarga ishga qabul qilindi.
Haftalik doirasida axborot sohasi vakillari kundalik faoliyatida asqotadigan ikkita yangi risolaning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. «Davlat organlari va OAV hamda bloger o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari» qo‘llanmasi davlat idoralari va media vakillari o‘rtasidagi axborot almashinuvini qonuniy, shaffof va etik normalar asosida tashkil etishga xizmat qiluvchi muhim metodik manba sifatida taqdim etildi. Unda axborot olish kafolatlaridan tortib, jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik masalalarigacha tizimli yoritilgan.
«Davlat idoralarining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarini verifikatsiya qilish bo‘yicha yo‘riqnoma» deb nomlangan kitobchada esa Facebook, Instagram, Telegram, YouTube va X kabi tarmoqlarda rasmiy (verifikatsiya) belgisini olishning texnik va huquqiy algoritmlari qadam-baqadam tushuntirilgan. Yo‘riqnoma dezinformatsiya va feyk xabarlarga qarshi kurashish hamda raqamli makonda davlat organlari resurslarining ishonchliligini ta’minlashda muhim vosita vazifasini o‘taydi.
Qoraqalpog‘istondagi haftalik hududdagi media vakillarini jamlagan yirik Media forum va sertifikatlar topshirish marosimi bilan yakunlanmoqda.
Navbatdagi bosqich joriy yilning 6–10-aprel kunlari Xorazm viloyatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarmalariga murojaat qilishlari mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter