Samarqandda to‘rt oylik kelin chaqalog‘ini chiqindi qutisiga tashlab ketgan
Joriy yil 27-dekabr kuni Samarqand viloyati Payariq tumanidagi tug‘uruqxonalardan biri hududidagi hojatxona chiqindi qutisiga chaqaloq tashlab ketilgan. «Zamon.uz»ning yozishicha, ayolning chaqaloqni tashlab ketgani kuzatuv kameralariga tushib qolgan.
Ma’lum qilinishicha, tibbiyot birlashmasiga qaynonasi bilan kelgan ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortib, qabziyatdan shikoyat qilgan va klizma so‘rab murojaat qilgan. Shifokor tomonidan tekshiruv o‘tkazish hamda UTT qilish taklif etilgan, biroq bemor bunga rozi bo‘lmagan. Ayol 4 oylik kelin bo‘lgan.
Shundan so‘ng ayol muolaja xonasiga yo‘naltirilgan. Muolaja jarayonida u hamshiradan uni yolg‘iz qoldirishni so‘ragan. Oradan biroz vaqt o‘tgach, xonani tekshirgan tibbiyot xodimlari chelak ichida chaqaloq qoldirib ketilganini aniqlagan.
Aniqlanishicha, ayol muolajaxonada tuqqan va shundan so‘ng tibbiyot muassasasini tark etgan. Holat aniqlangach, shifoxona ma’muriyati kuzatuv kameralari orqali ayolning shaxsini aniqlagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan.
Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, chelak ichida topilgan chaqaloq to‘qqiz oylik, o‘g‘il jinsli bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hozirda Payariq tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter