Shimoliy Koreya AQShga istehzoli javob qaytardi
Shimoliy Koreya AQSh tomonidan joriy etilgan sanksiyalarga nisbatan keskin javob qaytardi.
“AQSh bosim va aldov, tahdid va shantaj yo‘li bilan bitimga erishish usuli Koreya Xalq demokratik respublikasiga nisbatan natija berishiga umid qilmay qo‘yaqolsin. AQShning sanksiyalari avvalgidek bizning fikrlash tarzimizga va AQShga nisbatan yondashuvimizga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi... Sanksiyalar haqidagi qaysarlarcha yondashuv KXDRga nisbatan muvaffaqiyatsiz siyosatni ifodalovchi navbatdagi misol, xolos”, – deyiladi Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi mamlakat tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kim In Chxor nomidan tarqatgan bayonotda.
Rasmiy Pxenyan sanksiyalar orqali ta’sir ko‘rsatishga urinishni “ahmoqona usul” deb atarkan, AQShning “dushmanlarcha pozitsiyasiga munosib javob berish”ga va’da qilgan.
Joriy yil 4 noyabr kuni AQSh kiberjinoyatchilik va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, firibgarlik yo‘li bilan mablag‘ o‘zlashtirishga aloqador ekani aytilayotgan shimoliy koreyalik sakkiz nafar jismoniy va ikkita yuridik shaxsga nisbatan sanksiya joriy etgan edi.
Avval xabar berganimizdek, Shimoliy Koreya hakerlari 2017 yildan buyon 3 milliard dollar miqdoridagi kriptovalyutalarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan. Kiberhujumlar Shimoliy Koreya razvedka idorasi nazoratidagi hakerlar guruhi tomonidan amalga oshirilishi aytiladi.
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Tramp 2018 va 2019 yillarda uch marta uchrashishgan. Keyinroq Pxenyan Vashington bilan muloqotni davom ettirishni rad etgan.
Joriy yil oktyabr oyida Tramp Osiyoga safari davomida Kim Chen In bilan uchrashish niyatini bildirgan, ammo bu istak amalga oshmagan edi.
Kim Chen In sentyabr oyida AQShni diplomatik muzokaralarni boshlash uchun Shimoliy Koreyadan yadroviy dasturdan voz kechishni talab qilmaslikka chorlagan edi.
Pxenyan–Vashington aloqalari sovuqlashgan bir paytda KXDR Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda minglab harbiy bilan ko‘mak bermoqda. Putin ham Kurskdagi g‘alabaga hissa qo‘shgan shimoliy koreyaliklarni e’tirof etgani ma’lum.
Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati (NIS) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinida taxminan 10 ming shimoliy koreyalik harbiylar joylashtirilgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga yana 5 ming harbiy jo‘natdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter