Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sirdaryoda bog‘cha rahbari xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi

Sirdaryoda bog‘cha rahbari xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun jarimaga tortildi

Foto: Magnific

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga fuqaro D.S. murojaat qilib, Sirdaryo viloyatidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan birida xodimlar majburiy mehnatga jalb qilinayotgani yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holat uning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Sirdaryo viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi jalb etilgan holda o‘rganildi.

O‘rganish davomida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining bir nechta xodimi bino va hovlida qurilish ishlari yakunlanganidan so‘ng tozalash ishlariga jalb qilingani aniqlandi. Shuningdek, xodimlarni «Open budget» portalidagi tashabbus uchun majburiy ovoz to‘plashga jalb qilish holatlari ham ma’lum bo‘ldi.

To‘plangan hujjatlar asosida Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilgani va Mehnat kodeksining 5-moddasi talablari buzilganini aniqladi.

Natijada davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari G.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari — 20 mln 600 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring