«Na bilet bor, na sharoit» — Surxondaryo hokimi transport tizimidagi muammolarni tanqid qildi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hududlardagi loyihalar va bajarilayotgan ishlarni o‘rganish davomida viloyatdagi transport tizimi bilan bog‘liq muammolarni tanqid qildi.
Hokim, xususan, Surxondaryoni Toshkent bilan bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lining holati, poyezd va vagonlardagi sharoit, chiptalar taqchilligi va narxining oshib ketganligiga e’tibor qaratdi.
«Surxondaryo aholisini Toshkent bilan bog‘lovchi yo‘l, M-39 yo‘lini hamma mendan yaxshi bilib turibdi. Boysundan o‘tgandan keyin yurib bo‘lmaydi. Taksilarimiz dodlab yuboryapti. Avtobuschilar dodlab yuboryapti. Yuziga qarashga ko‘zimiz qolmadi. Temir yo‘lda umuman sharoit yo‘q. Vagonga mingan odam Toshkentga borguncha kasal bo‘lib qolyapti. Na sovitish tizimi ishlaydi, na sharoit bor. Na bilet bor, na vokzalda sharoit bor», — dedi hokim.
Sariosiyo yo‘nalishidagi shahar atrofi poyezdlarida ham yo‘lovchilar uchun sharoitning noqulayligi qayd etildi. Shuningdek, hokim Transport prokurorini vaziyatga tomoshabin bo‘lib turmaslikka chaqirdi.
Temiryo‘l tizimiga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, poyezdlarni to‘liq jihozlash va yo‘lovchilar uchun munosib sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Hokim, shuningdek, temiryo‘l va aviachiptalar narxi qimmatligi hamda ularni tanish-bilishsiz sotib olib bo‘lmasligini ta’kidladi. Mutasaddilarga vaziyatni tuzatish uchun bir hafta muddat berdi.
«Ikkita kassir xohlagan ishini qilishi kerak emas. Tanishi bor bilet olishi kerak emas. 10 so‘mlik biletni 25 so‘mga sotyapti. Aldab, sun’iy to‘siqlar bilan. Bir hafta, bir haftada hamma narsa bayramona bezatilsin. Vagonlarga odamlar chiqib rahmat deyishi kerak», — dedi Ulug‘bek Qosimov.
Chiptalar narxi va mavjud o‘rinlar bo‘yicha aholiga ochiq ma’lumot berish, sun’iy to‘siqlar va tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Ulug‘bek Qosimov vokzallar va poyezdlarni, jumladan, Termiz–Toshkent hamda Sariosiyo yo‘nalishlarini shaxsan o‘rganishini ma’lum qildi. Aeroport va vokzallardagi xizmat ko‘rsatish sharoitlarini ham to‘liq ko‘zdan kechirish topshirildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter