Toshkentdagi «Yangiobod» bozori yangilanadi: uning o‘ziga xos muhiti saqlab qolinadi
Toshkentda shahar jamoat infratuzilmasini yangilash, aholi uchun uni yanada ochiq, xavfsiz va qulay qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Shunday obyektlardan biri — toshkentliklarga yaxshi tanish bo‘lgan «Yangiobod» bozori. Ushbu bozorni yangilashda uning odatiy qiyofasi va o‘ziga xos muhitini saqlab qolish maqsad qilingan.
Shahar hokimiyatining ta’kidlashicha, asosiy vazifa bozorni boshqa formatga o‘tkazish emas, balki uni bu yerda ishlaydiganlar va tashrif buyuruvchilar uchun yanada qulay, xavfsiz va shinam qilishdan iborat.
Yangilanish doirasida hududni obodonlashtirish, zarur sanitariya sharoitlarini yaratish, xavfsizlikni ta’minlash, infratuzilmani yaxshilash, qulay piyodalar yo‘laklarini tashkil etish hamda avtoturargoh masalasini hal qilish ko‘zda tutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, hozir «Yangiobod»da faoliyat yuritayotgan sotuvchilar o‘z savdo o‘rinlarini saqlab qoladi. Bozorning an’anaviy ixtisoslashuvi va eng muhimi, unga xos muhit ham asrab qolinadi.
Ayni paytda shahar loyihachilar bilan hamkorlikda «Yangiobod»ni yangilash konsepsiyasini ishlab chiqmoqda. Loyihani tayyorlashda bozor faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan aholi va tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini inobatga olish rejalashtirilgan.
Konsepsiya jamoatchilik muhokamasiga ham taqdim etiladi. Unda har bir kishi taklif etilayotgan o‘zgarishlar bilan tanishishi, o‘z fikrini bildirishi, savollar berishi va takliflar kiritishi mumkin bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter