Toshkentda «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinida 2 qavatli yo‘l o‘tkazgich quriladi
Toshkent shahar hokimiyati poytaxt transport tizimini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan yirik islohotni taqdim etdi. Unda tezkor avtobuslar tizimi — BRT (Bus Rapid Transit) joriy etish va shaharning eng yuklama yuqori nuqtalaridan biri bo‘lgan «Buyuk Ipak yo‘li» metro atrofida yangi transport yechimlari qurish ko‘zda tutilgan.
Loyihalarning asosiy maqsadi — yo‘l tarmoqlari o‘tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikni kamaytirish.
Islohotning markaziy qismi 16,2 kilometrli BRT yo‘nalishi bo‘ladi. U Sergeli tumani bilan shahar markazini bog‘laydi va yirik ko‘chalar — Shota Rustaveli, Shahrisabz hamda Amir Temur prospekti orqali o‘tadi.
Bu tizimning asosiy xususiyati — avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar bo‘lib, ular umumiy transport oqimidan to‘liq ajratiladi. Bu esa:
– harakat tezligini barqarorlashtiradi;
– jamoat transporti kechikishini kamaytiradi;
– metro bilan integratsiyani kuchaytiradi.
Ya’ni, shahar asta-sekin «avtomobil ustuvorligi» emas, balki jamoat transporti ustuvor bo‘lgan modelga o‘tmoqda.
Islohotning ikkinchi muhim qismi – «Buyuk Ipak yo‘li» metro atrofidagi transport tugunini qayta qurishdir.
Hozirda bu hududdan soatiga o‘rtacha 8,2 mingta avtomobil o‘tadi. Loyiha amalga oshirilgandan keyin bu ko‘rsatkich 19,2 mingtagacha oshishi kutilmoqda.
Buning uchun ikki qavatli yo‘l yechimlari, aylana harakatli yo‘l va transport oqimini qayta taqsimlash kabi yechimlar joriy etiladi.
Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, bu orqali umumiy o‘tkazuvchanlik 21 foizga oshadi va kunlik avtomobil harakati 120 mingtagacha yetadi. Shuningdek, o‘rtacha tezlik 21 km/soatdan 26 km/soatgacha ko‘tariladi hamda tirbandlikda yurish vaqti 45 daqiqadan 32 daqiqagacha qisqaradi.
Bu raqamlar shahardagi harakat samaradorligi sezilarli yaxshilanishini ko‘rsatadi.
Loyihani amalga oshirishda Xitoy kompaniyasi ishtirok etmoqda. Qayd etilishicha, moliyalashtirish va qurilish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter