Toshkent markazida yana bir «yashil to‘lqin» ishga tushirildi
Toshkentda Amir Temur xiyoboni atrofidagi 5 ta svetofor obyekti yagona «yashil to‘lqin» algoritmi asosida ishlay boshladi. Tizim yo‘l harakatini bir maromda tashkil etish va svetoforlar oldidagi ortiqcha to‘xtashlarni kamaytirishga qaratilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida xiyobon atrofi va unga tutash chorrahalarda 5 ta yangi svetofor obyekti o‘rnatilgan edi. Endi ular o‘zaro sinxronlashtirildi.
Tizim ikki yo‘nalishda harakatlanishni muvofiqlashtiradi. Jumladan, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasida yashil chiroqda harakatni boshlagan haydovchi aylanma chorrahadan o‘tib, svetoforlarda to‘xtamasdan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomon harakatlanishi mumkin.
Qarama-qarshi yo‘nalishda ham Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan harakatlanayotgan avtomobillar belgilangan shartlarga rioya qilinganda aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha «yashil to‘lqin» rejimida harakatlanishi mumkin.
«Yashil to‘lqin»da barcha svetoforlarda yashil chiroq bir vaqtda yonmaydi. Avtomobilning bir svetofordan keyingi svetoforga yetib borishi uchun zarur vaqt hisobga olinib, yashil signallar ma’lum vaqt oralig‘ida navbatma-navbat yoqiladi.
Haydovchi harakatni yashil signalda boshlasa, belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilsa va harakatni bir maromda davom ettirsa, keyingi svetoforlarga yashil signal yonib turgan vaqtda yetib borishi mumkin.
Mutaxassislar «yashil to‘lqin» tezlikni oshirish uchun emas, balki harakatni bir tekis va xavfsiz tashkil etish uchun joriy etilganini ta’kidlamoqda.
Tizimdan samarali foydalanish uchun haydovchilarga yashil signalda harakatni boshlash, belgilangan tezlikka amal qilish, keskin tezlashish va tormoz berishdan saqlanish, xavfsiz masofani saqlash hamda piyodalarga yo‘l berish tavsiya etilmoqda.
Ayni paytda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham «yashil to‘lqin» tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda. Bu tizim qamrovini kengaytirib, mazkur yo‘nalishda harakatlanishni yanada qulaylashtirishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter