Tramp Venesuela muxolifati lideriga Nobel sababli yordam bermadi – WP
The Washington Post nashriga yaqin manbalarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan. Bunga sabab — Machado Nobel tinchlik mukofotini Tramp foydasiga rad etmagani.
Nashr suhbatdoshlaridan biriga ko‘ra, Machado mukofotni Trampga bag‘ishlagan bo‘lsa-da, uni qabul qilgani Oq uyda «eng katta xatolik» sifatida baholangan.
«Agar u mukofotdan voz kechib, «Bu mukofot Donald Trampniki», deganida edi, bugun Venesuela prezidenti bo‘lardi», – deydi manba.
Tramp esa Venesueladagi so‘nggi voqealar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Machadoni «yaxshi ayol» deb atagan, ammo uning mamlakat ichida «yetarli qo‘llab-quvvatlov va hurmatga ega emasligi»ni aytgan. Shu sababli, uning davlat rahbari bo‘lishi qiyin ekanini ta’kidlagan.
Nashr shaxsiy siyosiy ambitsiyalar va Nobel mukofoti atrofidagi masala AQShning Venesuela muxolifatiga munosabatiga ta’sir ko‘rsatganiga shama qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning oktyabrida Nobel qo‘mitasi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga venesuelalik muxolif siyosatchi Mariya Korina Machadoni loyiq deb topgan edi. Vaholanki, AQSh prezidenti Donald Tramp ham Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga bir necha bor o‘z nomzodini ilgari surib kelayotgan edi. Hatto 7 ta davlat rahbarlari ham Tramp nomzodini ushbu mukofot uchun ilgari surgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter