Turkiya bandlik agentliklari o‘zbekistonliklarga ish taklif qilishi mumkin
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Turkiyaga tashrifi doirasida mahalliy ish beruvchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi
«Mazkur uchrashuvda bir qator mahalliy xususiy bandlik agentliklari mas’ullari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar Turkiyada O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy bandligini ta’minlash, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, bandlik sohasida o‘zaro tajriba almashish, Turkiyada mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan holda ishga tanlash va joylashtirish masalalarini muhokama qildilar», – deb yozmoqda «Dunyo» AA.
Delegatsiya a’zolari, jumladaln, mahalliy ish beruvchilarga O‘zbekistonning ishchi kuchi salohiyati, yurtimizda migratsiya jarayonlarini tartibga solish, xavfsiz va tartibli mehnat sharoitini yaratish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma’lumot berdi.
Turkiyadagi xususiy bandlik agentliklari tomonidan qurilish, ishlab chiqarish, uy xizmatlari, servis va turizm yo‘nalishlari bo‘yicha 2000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi ta’kidlandi. Xususan, Antalya shahrida faoliyat yurituvchi «Mos İnsan Kaynakları İşkur Özel İstihdam Bürosu» mas’ullari hududdagi 10 dan ortiq mehmonxonalarga 500–1000 nafar O‘zbekiston fuqarolarini mavsumiy ishlarga jalb qilish imkoniyati mavjudligini bildirib o‘tdi.
Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarini ishga tanlash va joylashtirish jarayoni bilan bog‘liq mavjud kamchiliklar xususida ham fikr-mulohaza almashildi. Ish beruvchilar bilan ushbu muammolarni qisqa fursatda bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter