Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

XDP: Toshkentda pullik parkovka uchun jarima joriy etish qonunga zid

XDP: Toshkentda pullik parkovka uchun jarima joriy etish qonunga zid

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahrida pullik avtoturargohlar uchun to‘lov qilmagan haydovchilarga ma’muriy jarima joriy etish bo‘yicha taklifni tanqid qildi. 

Partiya bayonotida ta’kidlanishicha, mazkur loyihani bir qator huquqiy asoslarga ko‘ra qabul qilib bo‘lmaydi.

XDPning qayd etishicha, avvalo, Konstitutsiyaning 98-moddasiga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega subyekt hisoblanmaydi. Shu bois kodekslarga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun loyihasini hokimlik tashabbus qilishi mumkin emas.

Partiyaning fikricha, pullik parkovka uchun to‘lov munosabatlari haydovchi va xususiy operator o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabat hisoblanadi. Agar to‘lov amalga oshirilmasa, uni ma’muriy jarima orqali emas, balki qonunchilikda belgilangan tartibda sud orqali undirish lozim.

Shuningdek, bayonotda davlatning ma’muriy jazo choralari xususiy kompaniya daromadini ta’minlash vositasiga aylanmasligi kerakligi ta’kidlangan.

XDP yana bir masalaga e’tibor qaratib, shahar hokimligi keltirgan «pullik parkovkadan faqat 2–3 foiz haydovchi to‘lov qilmoqda» degan ma’lumotga jamoatchilikda shubha mavjudligini bildirdi. Partiyaga ko‘ra, shu vaqtgacha pullik parkovkalardan tushgan mablag‘lar va ularning davlat budjetiga o‘tkazilishi haqida ochiq ma’lumot taqdim etilmagan.

Bayonot so‘ngida Xalq demokratik partiyasi ijro hokimiyati organlarini aholi uchun qulay sharoit yaratishga e’tibor qaratishga chaqirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring