Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy energetika inqiroziga uzoq tayyorlandi. Natija qanday?

Xitoy energetika inqiroziga uzoq tayyorlandi. Natija qanday?

Foto: Fokus

Osiyoning boshqa davlatlari energiyani ayab ishlatishga majbur bo‘layotgan bir paytda, Xitoyda neft va gazning ulkan zaxiralari, shuningdek, shamol va quyosh kabi muqobil energiya manbalari yetarli.

Si Szinpin bu kabi inqirozga yillar davomida tayyorgarlik ko‘rdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda yirik neft konlaridan biriga tashrifi chog‘ida, u Xitoy energiya ta’minoti ishonchliligini «o‘z kuchi bilan» ta’minlashi kerakligini ta’kidlagan edi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi Yaqin Sharqni chuqur nizolar girdobiga tashladi: jahon savdosining eng muhim suv yo‘llaridan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi deyarli yopildi, mintaqadagi asosiy energetika ob’yektlari esa hujumlarga uchramoqda.

Dengiz tashuvlarini kuzatuvchi Kpler konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqdan neft eksporti 61 foizga kamaygan. Bu 2025-yilda xom neft importining 59 foizi ushbu mintaqaga bog‘lanib qolgan Osiyo mamlakatlariga qattiq zarba bo‘ldi — endi ular har qanaqasiga energiyani tejashga majbur.

Biroq dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti hisoblangan Xitoyda, qit’adagi aksariyat mamlakatlardan farqli o‘laroq, vaziyat butunlay boshqacha.

«Xitoyning energetika tizimi salmoqli zaxiralarga ega», — deb tushuntirdi Oksford energetika tadqiqotlari instituti (mustaqil tadqiqot instituti)ning Xitoy energetikasi bo‘yicha bo‘lim rahbari Mixal Meydan yaqinda e’lon qilingan maqolasida. Bu yerda gap ulkan neft va suyultirilgan tabiiy gaz (STG) zaxiralari, ichki ta’minotning ishonchliligi hamda shamol va quyosh kabi muqobil energiya manbalari haqida bormoqda.

Xom neftning taxminan yarmini Yaqin Sharqdan import qiladigan Xitoy boshqa Osiyo iqtisodiyotlari kabi zaif emas. «Garchi Xitoyda ham import ulushi yuqori bo‘lsa-da, Yaponiya, Hindiston yoki Janubiy Koreya bilan solishtirganda, manzara boshqacha», — dedi Meydan. Masalan, Yaponiya o‘z neftining qariyb 95 foizini ushbu mintaqadan oladi.

Eron Xitoyga neft yetkazishni davom ettirmoqda

Eron, urushga qaramay, o‘z energiya resurslarining asosiy xaridori Xitoyga neft jo‘natishda davom etmoqda. Kpler hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoy tomonidan Eron neftining import qilinishi juda oz miqdorda kamaygan: fevral oyida kuniga 1,57 mln barrel edi, mart oyida kuniga 1,47 mln barrelgacha.

Shu bilan birga, Xitoyning davlat kompaniyalariga tegishli kemalari mintaqada harakatlanish yo‘llarini izlamoqda. Caixin nashri xabar berishicha, Kai Jing supertankeri oy boshida Qizil dengizdagi portda Saudiya neftini yuklab olish uchun yo‘nalishini o‘zgartirgan va aprel oyi boshida Xitoyga yetib kelishi kutilmoqda.

Pekin xorijdan yetkazib berish hajmining keskin kamayishiga duch kelgan taqdirda ham, unda keng ko‘lamli zarba oqibatlarini yumshatish uchun salmoqli resurs zaxirasi mavjud.

Strategik zaxiralar: hayratlanarli ko‘lam

Pekin o‘z neft zaxiralari miqdorini oshkor qilmaydi va bu boradagi taxminlar bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Ammo Kolumbiya universitetining Global energetika siyosati markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat taxminan 1,4 mlrd barrellik ulkan zaxiralarga ega ekani umume’tirof etilgan.

Fors ko‘rfazida urush boshlanganidan so‘ng Pekin o‘zining neftni qayta ishlash zavodlariga eksportni to‘xtatish haqida ko‘rsatma berdi.

Shu bilan birga, Xitoy hukumati iqtisodiyotning qazilma yoqilg‘iga qaramligini kamaytirishga intilmoqda. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy bo‘ylab har yili dunyoning qolgan qismidagiga qaraganda ko‘proq elektromobil va gibrid avtoulovlar sotilmoqda.

So‘nggi yillarda mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari shiddat bilan kengayib, uglevorodlarga qaramlikni kamaytirmoqda. Ember tahliliy markazining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda Xitoyda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 31 foizi shamol, quyosh va gidroenergetikaga to‘g‘ri kelgan.

Xatar va chorlovlar: inqiroz qancha uzoq davom etsa, vaziyat shuncha og‘irlashadi

Biroq, inqiroz qanchalik uzoq davom etsa, u shunchalik murakkab va og‘riqli tus oladi. Hech bir mamlakat uning oqibatlaridan himoyalanmagan.

«Strategik zaxiralarni muomalaga chiqarish u qadar oson ish emas», — dedi Meydan. Uning aytishicha, Xitoyning strategik neft zaxiralaridan (SPR) foydalanish mexanizmi faqat bir marta sinovdan o‘tkazilgan. «Zaxiralarni yanada keng ko‘lamda ochish ehtimoli yo‘q bo‘lmasa-da, buning uchun, katta ehtimol bilan, yetkazib berishda davomli taqchillik va narxlarning keskin ko‘tarilishi talab etiladi».

Bu yerda eng zaif bo‘g‘in — Xitoyning mustaqil neftni qayta ishlash zavodlari, ular Eron neftining eng yirik importchilari hisoblanadi, vaziyatni hatto importni Rossiya hisobiga qoplash ham yumshata olmasligi mumkin. Suyultirilgan tabiiy gazga bog‘lanib qolgan sanoat va kimyo tarmoqlari ham narxlar oshishi va ta’minotdagi uzilishlar xavfiga duch kelmoqda.

«Qisqa muddatli uzilishlarni yengib o‘tish mumkin, biroq ta’minotdagi uzilish cho‘zilishi va bu bilan bog‘liq narxlar ko‘tarilishi ehtimoli Pekinni xavotirga solmoqda», — dedi Meydan.

Xitoy AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi keltirib chiqargan iqtisodiy xavflarni yengib o‘tishga boshqa ko‘plab mamlakatlardan ko‘ra yaxshiroq hozirlik ko‘rgan. Ammo, Si Szinpinning strategiyasi qanchalik oqilona bo‘lmasin, Xitoyning energiya ta’minoti to‘liq uning nazorati ostida emas.

Agar energetika inqirozining haftalari oylarga aylansa va jahon bozori jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechirishda davom etsa, Xitoyning boshiga ham xuddi boshqa davlatlarniki kabi sinovlar tushadi.

Manba: The Guardian

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring