Xitoyning sun’iy quyoshi butun dunyoni lol qoldirmoqda
Dunyo energetikasida yangi davr boshlanmoqda. Xitoylik olimlar insoniyat tarixidagi eng ulkan va xavfsiz energiya manbalaridan birini yaratish yo‘lida muhim yutuqqa erishdilar. Yadroviy sintez reaktori uchun mo‘ljallangan 582 tonnali ulkan supero‘tkazgichli magnit tizimi kelajakda quyosh markazidagi haroratdan ham yuqori bo‘lgan o‘ta issiq plazmani jilovlab turishga xizmat qiladi.
Reaktorlarning eng katta muammosi o‘ta qizg‘in plazmani hech qanday oddiy devor ushlab tura olmasligida hisoblanadi. Olimlar bu muammoni kuchli magnit maydonlari orqali hal qiladilar. Yangi tayyorlangan 582 tonnalik tizim reaktor ichida termoyadroviy sintezni ta’minlash uchun o‘ta issiq plazmani mukammal izolyasiya qiladi va uni barqaror ushlab turadi. Bunday ulkan va murakkab magnit tizimining yaratilishi Xitoyni global yadroviy sintez sohasida yaqqol yetakchilardan biriga aylantirmoqda.
An’anaviy atom elektr stansiyalari og‘ir elementlarning bo‘linishiga asoslangan bo‘lib, ulardan uzoq muddat saqlanadigan radioaktiv chiqindilar qoladi. Biroq sun’iy quyosh qurilmalari quyoshning o‘zida sodir bo‘ladigan jarayonni, ya’ni yengil elementlarning birlashishini sun’iy ravishda takrorlaydi.
Bu jarayonda atmosferaga uglerod chiqindilari chiqmaydi, radiatsiya xavfi juda past bo‘ladi va yoqilg‘i sifatida oddiy suvdan olinadigan vodorod ishlatiladi. Natijada bu texnologiya cheksiz va ekologik toza energiya manbasiga aylanadi.
Kelgusidagi rejalarga ko‘ra, ushbu ulkan infratuzilma bazasida 2030-yilga borib tijoriy maqsadlarda barqaror elektr energiyasini ishlab chiqarish boshlanadi. Bu loyiha nafaqat Xitoyning ichki energiya ehtiyojlarini to‘liq qondiradi, balki butun sayyoramizni global isish va ekologik muammolardan himoya qilishda muhim qadam bo‘ladi.
Aytish joizki, Xitoyning sun’iy quyosh loyihasi shunchaki ilmiy tajriba emas, balki tez orada amalga oshadigan aniq voqelikdir. 582 tonnalik magnit tizimi esa kelajak avlodlar uchun cheksiz, toza va xavfsiz energiya olishning asosiy kaliti hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter