Yangiyo‘lda energetika bo‘yicha maxsus shtab tuziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi yig‘ilishda elektr va gaz ta’minotini tashkil etishning yangi tizimi Yangiyo‘l tumani misolida yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Buning uchun aholi va tadbirkorlarni barqaror energiya bilan ta’minlashga mas’ul maxsus shtab tuziladi.
Shtabga Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev rahbarlik qiladi, tuman hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘ladi. Mas’ullar ikki hafta ichida tumandagi 51 mahallada aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik ehtiyojini o‘rganib, «energiya iste’moli balansi»ni shakllantiradi.
Prezident ma’lum qilishicha, Yangiyo‘l tumanida 1 ming 400 kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud. Keyingi besh yilda elektr iste’moli 68 milliondan 102 million kilovatt-soatgacha, ya’ni 1,5 baravar oshgan bo‘lsa-da, shu davrda atigi 60 ta transformator va 240 kilometr elektr tarmog‘i yangilangan.
Yig‘ilishda tumandagi muammolar alohida tahlil qilindi. Joriy yil boshidan elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 30 million kilovatt-soatga yetgan, 37 ta avariya sodir bo‘lgan. To‘lov intizomi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga chiqqan. Shuning 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi.
Shuningdek, 829 ta iste’molchining hisoblagichi ASKUE tizimiga mos emas, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot uzatmayotgani qayd etildi. Soliqqa «nol» hisobot topshirgan 48 ta korxona esa olti oyda 871 ming kilovatt-soat elektr energiyasi ishlatgan.
Gaz ta’minotida ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda. 5 mingdan ortiq gaz hisoblagichi ma’lumot yubormayotgani oqibatida debitor qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, mahallalar kesimida qaysi hududlarda transformatorlar va gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash, yangi tarmoqlar tortish zarurligi aniq belgilanadi. ASKUE va ASKUG tizimiga mos kelmaydigan hisoblagichlar almashtirilib, elektr va gaz yo‘qotishlarini ikki baravar qisqartirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqiladi.
Shuningdek, yirik sanoat korxonalari energiya auditidan o‘tkaziladi, ijtimoiy muassasalarning energiya sarfi tahlil qilinadi, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimlari diagnostika qilinadi. Barcha ishlar 1 oktyabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi. Keyinchalik ushbu tizim respublikadagi barcha tuman va shaharlarga joriy etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter