Yaqin o‘n yillikda O‘zbekistonda aholining doimiy o‘sish sur’ati pasayadi
2019-2024 yillarda mamlakat aholisi soni 33,3 million nafardan 37,5 million nafargacha oshdi (o‘rtacha yillik o‘sish — 2 foiz). 2040 yilga kelib bu o‘sish sur’ati yillik 1,2 foizgacha pasayishi taxmin qilinmoqda.
Bu haqda Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni matnida gap boradi.
Demografik prognozlarga ko‘ra, aholining doimiy o‘sish sur’ati yillik 1,7 foiz bo‘lgan holda 2040 yilda aholi soni 49,5 million nafarga yetadi.
Ushbu davrda uy xo‘jaliklarining tarkibi, aholining yosh bo‘yicha tuzilishi hamda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyoji sezilarli darajada o‘zgaradi.
Jumladan, uy xo‘jaligining o‘rtacha tarkibi 5 nafardan 4,7 nafargacha kamayib, ularning umumiy soni 7,5 milliondan 9,8 milliongacha ko‘payishi natijasida har yili kamida 150-160 mingta yangi uy-joy qurilishi talab etiladi. Maktab yoshidagi bolalar soni 2,6 million nafarga ko‘payib, bu 3 mingta maktab qurilishini talab qiladi.
Shuningdek, talabalik yoshidagi yoshlar soni 1,2 million nafarga ortgani sababli talabalar turar joylari va ijara uylariga ehtiyoj ortishi kutilmoqda. Mehnatga layoqatli aholi soni 3 million nafarga ko‘payib, bu korporativ va xizmat uy-joylariga bulgan talabni ham kuchaytiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter