Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yil boshidan buyon tadbirkorlar 116 trln so‘m kredit ajratildi

Yil boshidan buyon tadbirkorlar 116 trln so‘m kredit ajratildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga inflyasiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.

Ichki bozorni to‘yintirish va inflyasiya omillarini jilovlash bo‘yicha izchil ishlar tufayli barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlanayotgani, inflyasiyani pasaytirish va milliy valyutani mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi.

2025-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflyasiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027-yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.

Shu maqsadda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, 2026-yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi.

Yig‘ilishda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.

Yuqori o‘sish sur’atlari va aholi bandligini ta’minlash maqsadida kelgusi yilda tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar hajmi 450 trillion so‘mga yetkaziladi.

Davlatimiz rahbariga mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida axborot berildi. Yil boshidan buyon tadbirkorlik sub’yektlariga 116 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.

Mahallabay ishlash doirasida 89 ming fuqaroning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularga 1,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Yil yakuniga qadar mazkur ko‘rsatkich 100 ming nafarga yetkaziladi.

2026 yilda ham kambag‘allikni qisqartirish, aholini tadbirkorlikka faol jalb etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish rejalashtirilgan. Mikro, kichik va o‘rta biznesni kreditlash hajmini 140 trillion so‘mga yetkazish, yana 100 ming fuqaroning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mo‘ljallangan.

Prezidentimiz aholi va biznes uchun barqaror moliyaviy muhit yaratish, bank tizimiga ishonchni mustahkamlash hamda moliya bozorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish bundan buyon ham bank-moliya siyosatining bosh vazifasi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga inflyasiyani jilovlash, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz makroiqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring