O‘FA Kannavaro masalasida rasmiy bayonot berdi

Fabio Kannavaroning O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanishi haqidagi xabarlar tarqalgach, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) rasmiy bayonot bilan chiqdi.
«O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor FIFA Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ushbu tarixiy natija mamlakat futboli uchun yangi sahifa hisoblansa, navbatdagi ustuvor vazifa — Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va musobaqada munosib ishtirok etishni tashkil etishdir.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan bu borada barcha yo‘nalishlarda tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, xalqaro tajribaga ega va Jahon chempionatida ishtirok etgan mutaxassislarni terma jamoaga taklif etish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etmoqda. Xususan, O‘FA rahbariyati bu borada yaqin o‘tmishning yorqin yulduzlaridan biri, Jahon chempionati g‘olibi, 2006-yilda dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan taniqli italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro bilan muzokaralar olib bormoqda.
Muzokaralar bo‘yicha batafsil va rasmiy xabarlar O‘FA sahifalarida e’lon qilinadi. OAV vakillaridan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan norasmiy va asossiz xabarlarga tayanmasliklarini so‘raymiz», deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘lishi kutilayotgan Fabio Kannavaro jahondagi eng ko‘p maosh oluvchi to‘rtinchi mutaxassisga aylanishi mumkinligi xabar qilingandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter