Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud

O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud

Toshkentda “Startaplar va axborot texnologiyalari taraqqiyoti bo‘yicha Yaponiya tajribasi: O‘zbekiston uchun imkoniyatlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Yaponiya OTM bitiruvchilari klubi (UJUAC) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot va startap ekotizimini rivojlantirishda Kunchiqar o‘lka yutuqlaridan foydalanish, o‘zaro tajriba almashuv imkoniyatlari muhokama etildi.

Yaponiyaning tashqi savdo bo‘yicha tashkiloti (JETRO) Toshkent ofisi bosh direktori Yuta Itinose Kunchiqar o‘lkaning global miqyosda yutuqqa erishgan startaplari tadriji, erishilgan natija hamda xulosalar haqida gapirdi.

“Faoliyat yo‘nalishining o‘zgarishi muvaffaqiyatsizlik alomati emas, balki o‘sish strategiyasining muhim bosqichidir. Aniq yo‘nalishga ega bo‘lmagan, o‘ta keng miqyosdagi yondashuvdan qoching, zero, muvaffaqiyatga erishishda maqsadli va manzilli bozorni belgilash katta ahamiyat kasb etadi. Global akseleratorlar (startaplarni intensiv qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan faoliyat – tahr.) va sarmoyadorlar shunchaki kapital taqdim etib qolmay, sizga muhim tarmoqlardan foydalanish imkoniyatini ham ochadi”, – deydi Yuta Itinose.

Ma’lumot o‘rnida: JETRO Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi huzuridagi davlat agentligi bo‘lib, Yaponiya va jahon iqtisodiyotini bog‘lashda muhim o‘rin tutadi. Agentlik dunyoning 56 mamlakatida 76 ta ofisga ega. JETROning startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarida 2000 dan ziyod startap qatnashgan.

UEnter innovatsiya markazi direktori Oleg Rijichenko O‘zbekistonda startaplarning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qildi.

“O‘zbekistonning startap ekotizimi Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan ekotizim deb baholanmoqda. 2020-2025 yillarda 750 dan ortiq mahalliy startap ro‘yxatga olingan. Bundan tashqari, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston vatandoshlari amalga oshirayotgan 100 ziyod startap mavjud. E’tiborga molik jihati, startap asoschilarining aksari 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir”, – deydi UEnter innovatsiya markazi direktori.

Tadbirda Yaponiyada tahsil olgan va ayni paytda O‘zbekistonda IT, innovatsiyalar, yashil iqtisodiyot singari yo‘nalishlarda faoliyat yuritib kelayotgan yurtdoshlarimiz soha rivoji bo‘yicha ekspertlik fikrlarini taqdim etdilar.

Muhokamalarda O‘zbekistonda venchur kompaniyalari va startaplar sohasida qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Davra suhbatida O‘zbekistonda startaplar shiddat bilan o‘sayotgani, bu borada Yaponiya bilan hamkorlik ijobiy natija berishi ta’kidlandi.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil fevral oyida O‘zbekiston prezidentining “Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilindi.

Mamlakatimizda maktablarda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 milliard so‘m grant ajratilishi belgilangan.

Tahlillarga qaraganda, mahalliy startaplar katta miqdorda xorijiy investitsiyani jalb etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring