Toshkentda INHA ROADSHOW 2025: INHA universiteti ta’lim va innovatsiyalarning yangi ufqlarini taqdim etdi
2025 yil 7 oktyabr kuni Toshkent shahridagi INHA universitetida ta’lim va raqamli texnologiyalar sohasida kuzning asosiy voqeasi bo‘lgan INHA ROADSHOW 2025 keng ko‘lamli tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida universitet rektori Bobur Abdullayev universitetning kelgusi uch yilga mo‘ljallangan strategik maqsadlarini taqdim etdi hamda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi yangi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab o‘tdi.
Toshkent shahridagi INHA universiteti 2014 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘z faoliyati davomida axborot texnologiyalari va muhandislik ta’limi sohasida mintaqadagi yetakchi oliy ta’lim muassasasi maqomini oldi. Bugungi kunda universitet xalqaro standartlarni faol joriy etmoqda, akademik dasturni rivojlantirmoqda va o‘quv jarayoniga innovatsion amaliyotlarni joriy etmoqda. Universitet bitiruvchilarining 88 foizdan ortig‘i muvaffaqiyatli ish bilan ta’minlangan, ularning 46 foizi IT-kompaniyalarda, 30 foizi esa xalqaro tashkilotlarda ishlaydi. Ular orasida Google, Amazon, Bloomberg, Uber va TikTok’da ishlaydigan mutaxassislar mavjud.

INHA ROADSHOW 2025 strategik tadbirida INHA universiteti (Janubiy Koreya) va Buyuk Britaniyaning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yangi ta’lim tashabbuslari taqdim etildi. INHA universiti bilan hamkorlik doirasida universitet yangi laboratoriyalar va texnologiyalarni joriy etishni davom ettirmoqda, akademik almashinuvlar va qo‘shma startap loyihalarini kengaytirmoqda, shuningdek, xalqaro inkubatsiya markazlarini rivojlantirmoqda. Tadbirda asosiy ta’lim yo‘nalishlari taqdim etildi: SOCIE (Computer and Information Engineering School) 4+0 formatida, SBL (School of Business and Logistics) 3+1 modeli bo‘yicha Janubiy Koreyada o‘qitishning yakuniy bosqichi bilan, shuningdek, Toshkent va Inha’da semestrlar bilan 1+1 formatida amalga oshiriladigan Digital Transformation bo‘yicha MBA dasturi.

ROADSHOW ishtirokchilari Britaniya universitetlari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dasturlarga alohida e’tibor qaratdi. Xalqaro malakalarni baholash markazi (IQAC) bilan hamkorlikda INHA universiteti Regulated Qualifications Framework (RQF) standartlariga mos keladigan Britaniya ta’lim dasturlarini joriy etdi. Bu INHA universiteti talabalariga Buyuk Britaniya universitetlari diplomlarini olish imkonini beradi. Ta’lim "Axborot texnologiyalari" (shu jumladan, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va ma’lumotlar tahlili) va "Biznes va menejment" yo‘nalishlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Dasturlar Glostershir, Xertfordshir, Nortumbriya, Olster, Vest-London, Vulverxempton va Markaziy Lankashir universitetlari bilan hamkorlikda 3+1 va 4+0 formatlarida amalga oshirilmoqda.
Asosiy yangiliklardan biri raqamli transformatsiya sohasida mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ikki yillik kurs – Sun’iy intellekt va ma’lumotlar fanlari bo‘yicha ijrochi MBA (EMBA in AI & DS) dasturining taqdim etilishi bo‘ldi. Ta’lim ingliz tilida kechki ta’lim shaklida olib boriladi va Kembrij (Buyuk Britaniya) va INHA (Janubiy Koreya) xalqaro modullarini o‘z ichiga oladi. Dastur boshqaruv va texnik kompetensiyalarni birlashtirib, mutaxassislarni ma’lumotlar bo‘yicha bosh direktor, sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchi, raqamli strategiya bo‘yicha direktor va innovatsiyalar bo‘yicha menejer lavozimlariga tayyorlaydi. Asosiy fanlar qatoriga Advanced Machine Learning, Deep Learning va Neural Networks, Responsible AI va Ethics, Cloud Computing, Cybersecurity va Cryptographic Systems kiradi.

Tadbir doirasida xalqaro tanlovlar va hakatonlarda bir necha bor g‘olib bo‘lgan INHA universiteti talabalarining yutuqlari ham e’tirof etildi. Eng yorqin yutuqlar qatorida "Don’t Waste" loyihasi va 136 ming dollarlik mukofot bilan Global Best M-Gov Award g‘olibligi, Sevan Startup Summit 2025 da 10 ming dollarlik grant, shuningdek, MSITF 2025 CTF va mukofot jamg‘armasi 100 ming dollar bo‘lgan President Tech Award xakatonida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu bilan birga, universitet infratuzilmani faol rivojlantirmoqda: yangi besh qavatli o‘quv binosi va 477 o‘rinli to‘qqiz qavatli zamonaviy yotoqxona qurilmoqda. Ushbu loyihalar xalqaro standartlarga javob beradigan qulay ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan.
INHA ROADSHOW 2025 IT-sanoati, davlat sektori va biznes vakillarini birlashtirgan Sanoat bo‘yicha maslahat kengashi taqdimoti uchun ham platforma bo‘ldi. Uning vazifasi ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida mustahkam aloqalarni shakllantirish, qo‘shma tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish va raqamli iqtisodiyot uchun kadrlar tayyorlashdan iborat.
Sanoat bo‘yicha maslahat kengashining birinchi a’zosi sifatida O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. U tadbir doirasida so‘zga chiqib, O‘zbekistonda IT-ta’limni rivojlantirish, raqamli ko‘nikmalarni kuchaytirish va innovatsion muhitni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, vazir ta’lim, ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi integratsiya mamlakatning texnologik taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Bobur Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, "INHA bugungi kunda shunchaki universitet emas, balki ta’lim, fan va texnologiyalarni birlashtirgan ekotizimdir. Biz raqamli transformatsiyalarni boshqarishga va kelajakni yaratishga qodir bo‘lgan yetakchilarning yangi avlodini shakllantirmoqdamiz."
O‘tkazilgan tadbir INHA universitetining Markaziy Osiyoda IT va raqamli innovatsiyalar sohasida mutaxassislar tayyorlashda flagman sifatidagi rolini tasdiqladi. Taqdim etilgan tashabbuslar va hamkorliklar universitetning xalqaro integratsiyaga, ilm-fanni rivojlantirishga va global bozor chaqiriqlariga javob bera oladigan innovatsion ta’lim ekotizimini yaratishga intilishini ko‘rsatadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter