AQSh razvedkasi Ukraina Putin qarorgohiga hujum qilmaganini aniqladi – WSJ
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) Ukraina Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yoki uning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilmagan, degan xulosaga keldi.
Kreml bu haqdagi da’voni 29 dekabrdan beri ilgari surib kelmoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina dronlari Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga 91 ta dron bilan hujum uyushtirganini ma’lum qilgandi, ammo bu bayonot berilganidan bir necha kun o‘tib ham bu hujum chindan ro‘y berganiga oid dalillar taqdim etilmadi.
Zelenskiy Lavrovning bayonotlarini «Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni» deb atadi va Moskva Kiyevdagi hukumat binolariga zarba berishga tayyorlanayotganini bildirdi.
Putin qarorgohiga qilingan hujumga Moskva shu kungacha biror dalil keltirmadi. WSJ nashri esa Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z ma’lumotlarini moslashtirayotganini yozdi.
Jumladan, Lavrov o‘z bayonotida Novgorod viloyati osmonida Ukrainaning 91 ta droni urib tushirilganini aytgan bo‘lishiga qaramay, Rossiya mudofaa vazirligining 29 dekabr kuni ertalab bergan hisobotida mamlakat bo‘ylab Ukrainaning jami 89 ta droni yo‘q qilingani haqida ma’lum qilingan. Shundan faqat 18 tasi Valday qarorgohi joylashgan Novgorod viloyati hududiga kirgan. Oradan bir yarim soat o‘tib vazirlik ushbu hududda yana 23 ta dron urib tushirilgani haqida xabar berdi.
Lavrovning bayonotidan keyin esa mudofaa vazirligi yangi post e’lon qildi, unda raqamlardagi tafovutni izohlashga harakat qilingan. Harbiy idoraning ta’kidlashicha, Lavrovning bayonotida keltirilgan miqdor Bryansk viloyatida to‘xtatilgan 49 ta dron hamda Smolensk viloyati uzra tutib qolingan yana bir dronni ham o‘z ichiga olgan. Vazirlik ular ham Novgorod yo‘nalishida uchganini bildirgan.
«Valdaydagi mahalliy aholi vakillari esa dronlar uchib o‘tishi yoki ularning yo‘q qilinishi vaqtidagi ovozlarni eshitishmagani, shuningdek, hujum xavfi haqida ogohlantirish bo‘lmaganini aytmoqda. Mahalliy forumda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham havo hujumidan mudofaa kuchlari ishlagani yoki mazkur regionda dronlar harakatlanganidan darak beruvchi foto yoki videolar uchramadi», – deya Urushni o‘rganish instituti xodimi Greys Meeppsning so‘zlarini keltiradi The Wall Street Journal.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Valday qarorgohiga hujum amalga oshirilganiga «qandaydir dalil shart emasligi»ni aytdi va buni «terakt» deb baholab, Moskva tegishli javob qaytarishini qo‘shimcha qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter