Meksikada Z avlod bosh ko‘tardi: so‘nggi xabarlar
Meksika poytaxti Mexiko shahrida hukumat xavfsizlik siyosatiga qarshi norozilik namoyishi paytida yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida 120 kishi jarohat oldi. Ulardan 100 nafari politsiya xodimlaridir.
Namoyish o‘zini "Z avlodi" deb atagan guruh tomonidan tashkil etilgan.
Meksika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, minglab ishtirokchilar Mustaqillik monumenti oldida to‘planib, Milliy saroy tomon yurish qilishgan.
Politsiya saroy oldidagi to‘siqlarga tosh otgan va bolg‘a bilan urgan bir guruh namoyishchilarga qarshi ko‘z yoshartuvchi gaz va suvdan foydalangan.
Namoyishchilar orasida hibsga olishlar haqida xabar berilgan. Talabalar, fermerlar, muxolifat partiyasi vakillari va fuqarolik jamiyati faollari norozilik namoyishida ishtirok etib, mamlakatda uzoq vaqtdan beri yuqori darajadagi zo‘ravonlik va jinoyatchilikni tanqid qilishdi.
Namoyishchilar shuningdek, 2025 yil 1 noyabrda "Chiroqlar festivali" paytida otib o‘ldirilgan Michoacan shtatidagi Urupan meri Karlos Mansoning o‘limini ham qoraladilar. Yurish ishtirokchilari hukumat o‘zgarishiga qaramay, xavfsizlik muammosi hal qilinmaganini ta’kidladilar va zo‘ravonlik qurbonlarini "unutmaslikka" chaqirdilar.
Prezident Klaudiya Sheynbaum Z avlodi norozilik namoyishlari ortida muxolifat turganini ta’kidladi va harakatni siyosiylashtirilgan deb ta’rifladi.
Sheynbaum rasmiylar zo‘ravonlikka qarshi kurashda yutuqlarga erishganini va norozilik namoyishlari vaziyatni manipulyasiya qilishga urinish ekanligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Z avlod namoyishlari Nepal, Madagaskar kabi davlatlarda hukumat ag‘darilishiga olib keldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter