Migrantlarning Rossiyada bo‘lish qoidalari kuchaytirilishi mumkin
Davlat Dumasida migratsiya siyosatiga oid yangi qonun loyihalari tayyorlanmoqda. Bu haqda parlament quyi palatasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Takliflarga ko‘ra, uch oydan ortiq muddatga Rossiyaga kelayotgan xorijiy fuqarolar uchun majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddatini 90 kundan 30 kungacha qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, davlat organlarining migrantlar sog‘lig‘i haqidagi xabardorligini oshirish taklif qilinmoqda. Bunda tibbiyot muassasalari shifokorlar xulosalari natijalarini – IIVga, aniqlangan yuqumli kasalliklar haqidagi ma’lumotlarni esa Rospotrebnadzorga taqdim etishi kerak bo‘ladi.
Qonun loyihasida tibbiy ko‘rikdan bo‘yin tovlagan shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlikni joriy etish ham nazarda tutilgan. Bunday hollarda jarima solinishi va sud qarori bilan majburiy ravishda Rossiyadan chiqarib yuborish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, xavfli kasalliklar yo‘qligi haqidagi hujjatlarni soxtalashtirish uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil noyabr oyida Rossiyada mehnat migrantlari uchun majburiy tibbiy sug‘urta polisini olish qoidalari ham qat’iylashtirilgan edi. Volodinning ta’kidlashicha, ishlash va ijtimoiy kafolatlardan foydalanishni istagan xorijiy fuqarolar bu huquqni halol mehnat bilan tasdiqlashi kerak.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter