Rossiya Ukrainani qaqshatqich o‘qqa tutdi: «Oreshnik» qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin
Rossiya qo‘shinlari jumaga o‘tar kechasi Kiyev shahrini dronlar va raketalar orqali hujumga tutdi. Mahalliy hokimiyat ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgan, 16 nafar fuqaro turli darajada jarohat olgan.
Kiyev shahri meri Vitaliy Klichkoning bildirishicha, halok bo‘lganlar orasida chaqiruvga chiqqan tibbiyot xodimi ham bor. U Darnitskiy tumaniga borgan vaqtda BPLA ko‘p qavatli uyga kelib urilgan. Shuningdek, Dneprovskiy tumanida ham turar joy binosiga zarba berilgan. Desnyanskiy tumanida savdo markazi hududida yong‘in qayd etilgan, Pecherskiy tumanida esa 24 qavatli noturar joy binosi shikastlangan.
Klichkoning ta’kidlashicha, muhim infratuzilma ob’yektlariga yetkazilgan zarar sababli shaharda elektr energiyasi va suv ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.
Lvov viloyatida ham Rossiya zarbasi natijasida muhim infratuzilma ob’yekti zarar ko‘rgan. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy xabar qildi. Ukraina OAVlariga ko‘ra, hujumning ehtimoliy nishonlari sifatida Striy gaz koni va yer osti gaz ombori qayd etilmoqda.
Lvov viloyatiga berilgan zarbadan bir necha soat oldin monitoring kanallari Rossiyaning Astraxan viloyatida joylashgan «Kapustin Yar» poligoni atrofida «noodatiy faollik» kuzatilganini ma’lum qilgan. Aynan ushbu poligondan 2024 yil noyabr oyida Dnepr shahriga «Oreshnik» gipertovushli ballistik raketa uchirilgan edi.
Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari G‘arbiy qo‘mondonligi ma’lumotida aytilishicha, Rossiya 8 yanvar kuni soat 23:47 da Lvovdagi infratuzilma ob’yektlariga ballistik raketa bilan zarba bergan. Havo maqsadi ballistik trayektoriya bo‘ylab soatiga taxminan 13 ming kilometr tezlikda harakatlangan.
Ayni paytda «Oreshnik» raketasi qo‘llangani rasman tasdiqlanmagan. Ukraina Qurolli kuchlari ma’lum qilishicha, raketa turi uning barcha qoldiqlari o‘rganilgandan so‘ng aniqlanadi.
Soat 04:27 da Ukraina Harbiy-havo kuchlari rasmiy vakili Yuriy Ignat «Ukrainskaya pravda» nashriga bergan izohida Lvovga berilgan zarba «Kapustin Yar» poligonidan amalga oshirilgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy uchirishlar aynan ushbu poligondan amalga oshirilgan, Lvov viloyatida portlash ovozlari eshitilgan, ayni paytda ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya «Oreshnik» raketasini Ukrainaga qarshi ilgari faqat bir marta — 2024 yil 21 noyabrda Dneprdagi «Yujmash» raketa zavodiga qarshi qo‘llagan edi.
Shu bilan birga, Ukraina OAVlari Kiyevga nisbatan «Kinjal» gipertovushli aviatsiya raketalari va «Kalibr» qanotli raketalari qo‘llangani haqida ham xabar bermoqda. Poytaxtda ko‘plab qurbonlar borligi aytilmoqda.
Ayrim ukrain manbalariga ko‘ra, Lvov viloyatiga berilgan ehtimoliy «Oreshnik» zarbasi natijasida 36 ta bo‘sh jang kallagi tushib qolgan.
Kiyevda havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushirilgan. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko Telegram kanali orqali xabar berib, aholini panohgohlarda qolishga chaqirgan.
Ukrainaning «Suspilne» va TSN nashrlari Kiyevda portlashlar haqida xabar qilmoqda. Lvov shahri meri Andrey Sadovoy ham shaharda portlashlar bo‘lganini tasdiqlab, fuqarolarni panohgohlarga o‘tishga chaqirdi.
Ayni paytda rasmiy idoralar Lvovga «Oreshnik» raketasi qo‘llangani haqidagi ma’lumotni rasman izohlamayapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter