Netanyaxu G‘azo bo‘yicha yangi operatsiyani boshlamoqchi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Floridaga bordi. Bugun kechqurun u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu ikki siyosatchi Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan beri oltinchi marta uchrashyapti.
CNN manbalarga tayanib xabar berishicha, Netanyaxu Tramp bilan uchrashuvda G‘azoda yana bir harbiy operatsiya o‘tkazishga rozilik olishga harakat qiladi. Telekanalning ta’kidlashicha, gap AQSh vositachiligida tayyorlangan va amalga oshirilayotgan Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi doirasidagi «so‘nggi kuch namoyishi» haqida ketyapti.
«Netanyaxu o‘zboshimchalik bilan emas, muayyan siyosiy muhit va bosimlar ichida qaror qabul qilyapti», – deb iqtibos keltiradi CNN o‘z manbasidan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp atrofidagi asosiy shaxslar, shuningdek AQShning Fors ko‘rfazi davlatlari, Turkiya va Qatardagi ittifoqchilari Netanyaxu G‘azodagi sulh rejasini amalga oshirishni cho‘zayotganidan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda va mintaqada barqarorlikka putur yetkazishi mumkin bo‘lgan qarorlardan xavotirda.
Netanyaxu va Tramp o‘rtasidagi uchrashuv Mar-a-Lago qarorgohida o‘tadi. Hozirda AQSh, Isroil va arab davlatlari o‘rtasida sulh tashabbusining keyingi qadamlari bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjudligi ma’lum.
O‘t ochishni to‘xtatish rejimi oktyabr oyida, HAMASning Isroilga hujumiga ikki yil to‘lishidan bir necha kun o‘tib boshlangan edi. O‘sha hujum oqibatida taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan. Birinchi bosqich doirasida Isroil 33 nafar isroillik garovga olingan shaxs evaziga yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qildi va qo‘shinlarini anklav chegaralariga olib chiqdi.
Tomonlar hali o‘tishi kerak bo‘lgan ikkinchi bosqich Trampning 20 banddan iborat rejasini o‘z ichiga oladi va u ancha murakkab hisoblanadi. BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan ma’qullangan hujjat G‘azoda HAMAS hokimiyatini tugatish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni belgilaydi.
Xususan, hujjat AQSh va Yevropa Ittifoqida terroristik deb tan olingan guruh ishtirokisiz, xalqaro hamjamiyat, jumladan, Yaqin Sharq davlatlari va AQShning faol ishtirokida, G‘azoni urushdan keyingi tiklash tamoyillarini belgilaydi.
Rejaga ko‘ra, falastinliklar G‘azo sektorida kundalik boshqaruv bilan shug‘ullanuvchi «texnokratik, siyosatdan xoli» qo‘mita tuzadi. U xalqaro inspektorlar – «Tinchlik kengashi» deb ataluvchi tuzilma – nazorati ostida ishlaydi va BMTning ikki yillik, uzaytirilishi mumkin bo‘lgan mandati doirasida G‘azoni tiklash jarayonini ham nazorat qiladi.
Hujjat anklavni demilitarizatsiya qilish va radikallashuvdan xoli etishni nazarda tutadi, Isroil va arab dunyosi o‘rtasida munosabatlarni normallashtirishga chaqiruvni o‘z ichiga oladi hamda qaysi shartlar asosida «Falastinning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va davlatchilikka olib boruvchi real yo‘l ochilishi mumkinligi»ni tushuntiradi.
Shu bilan birga, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanganidan buyon Isroil va G‘azo tomoni bir necha bor bir-birini sulhni buzishda ayblab kelmoqda.
CNN suhbatdoshlarining fikricha, Netanyaxu AQShga tashrifi chog‘ida G‘azo bo‘yicha keyingi qadamlarni Eron va Livan bo‘yicha xavfsizlik kafolatlarini olish bilan bog‘lashga harakat qiladi. Shuningdek, manbalarga ko‘ra, u Vashingtondan Isroil bosh vazirini oqlash kampaniyasini qo‘llab-quvvatlashni ham so‘rashi mumkin.
Telekanalning ma’lum qilishicha, Netanyaxu uchun 2026-yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik boshlanmoqda va bu jarayonda Donald Tramp muhim rol o‘ynashi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter