Machadoga Nobel mukofotini Trampga berib yuborish tavsiya qilindi
AQShning sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Bolton Venesuela muxolifati yetakchisi va Nobel tinchlik mukofoti laureati Mariya Korina Machadoga o‘z mukofotini Donald Trampga berishni tavsiya qildi. U bu haqda videointervyuda aytdi, intervyudan parcha Clash Report tomonidan e’lon qilindi.
Boltonning aytishicha, bunday qadam Machado uchun siyosiy jihatdan foydali bo‘lishi mumkin.
«Mening maslahatim shu bo‘lardi: olgan Nobel tinchlik mukofotingiz medalini Donald Trampga bering. Nobel fondi siz uchun boshqa medal tayyorlab berishi mumkin. Aks holda, uning nima qilishini o‘zingiz bilasiz», – dedi Bolton.
U so‘zlarini AQShning sobiq prezidenti Teodor Ruzvelt misoli bilan izohlagan. Ruzvelt Rossiya va Yaponiya o‘rtasidagi urushda vositachilik qilgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan va uning medali hozirgacha Oq uyda saqlanadi. Bolton hazil tariqasida Tramp uni devordan olib, o‘ziniki qilib olishidan xavotirda ekanini aytadi.
Avvalroq Mariya Korina Machado o‘zi ham Nobel tinchlik mukofotini Trampga berishga tayyor ekanini bildirgan edi. U 3 yanvarni «adolat zulm ustidan g‘alaba qilgan kun» deb atagan. Machado mukofotni olish uchun Norvegiyaga borgan va hozircha Venesuelaga qaytmagan, ammo yaqin orada qaytish niyati borligini aytgan.
Jon Bolton 2018–2019 yillarda Donald Tramp ma’muriyatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan. U 2019 yilda prezident bilan kelishmovchiliklar sabab lavozimidan bo‘shatilgan. 2025 yil avgust oyida esa FBR uning uyida maxfiy hujjatlar va memuarlari bilan bog‘liq tergov doirasida tintuv o‘tkazgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter