Nyu-Yorkda Maduro ustidan sud o‘tkazildi: nimalar ma’lum?
Maduro ustidan AQShdagi sud jarayoni: birinchi sud majlisi yakunlandi.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi Nyu-York federal sudida bo‘lib o‘tdi. Bungacha siyosatchi va uning rafiqasi vertolyotda tergov hibsxonasidan sud binosi yaqinidagi joyga olib ketilgan edi.
Maduro sud zaliga kishansiz olib kirildi. U tarjimon yordamida, ispan tilida gapirdi. Unga va rafiqasiga qarshi ayblovlar o‘qib eshittirildi. 25 sahifali ayblov xulosasiga ko‘ra, ular giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi jinoyatlarida, jumladan,«narkoterrorizm bo‘yicha fitna»da ayblanmoqda. Ish 92 yoshli AQSh okrug sudyasi Alvin Xellershteyn tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. U 11 sentyabr terroristik hujumlari qurbonlarining oilalari tomonidan qo‘zg‘atilgan sud jarayonlari, Donald Tramp ishi va prodyuser Xarvi Vaynshteynga qarshi ish kabi shov-shuvli ishlarda ishtirok etgani bilan mashhur.
Sud majlisida Nikolas Maduro o‘zini aybsiz deb atadi:«Men aybsizman. Men halol odamman. Men hali ham o‘z mamlakatim prezidentiman». Siliya Flores ham unga qarshi qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi.
Maduroning advokati garov puli so‘ramadi. Himoyachilar bunday so‘rov keyinroq berilishi mumkinligini aytishdi. Biroq, Maduro va uning rafiqasi konsullik xodimi bilan qonuniy ravishda talab qilingan uchrashuvni so‘rashdi, sud esa bu so‘rovni qondirdi.
Suhbatdan so‘ng, sudya Maduro va Floresni hibsda saqlashni buyurdi va keyingi sud majlisini 17 martga belgiladi. Shu bilan birinchi sud majlisi yakunlandi. Sky News xabar berishicha, siyosatchi va uning rafiqasining advokatlari mijozlarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar, jumladan, Floresning qovurg‘asi ko‘karganligi haqida xabar berishgan.
Nyu-Yorkdagi sud oldida esa AQShning Venesueladagi harakatlariga qarshi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter