Pokiston Afg‘onistonga hujum qildi: halok bo‘lganlar bor
Pokiston xavfsizlik kuchlari Afg‘oniston bilan chegara hududida o‘tkazilgan quruqlik va havo amaliyotlari davomida kamida 29 nafar jangari yo‘q qilinganini ma’lum qildi. «Tolibon» esa havo hujumlari oqibatida kamida 38 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirdi.
Pokiston Axborot vaziri Attoullo Tararning ma’lum qilishicha, 29-iyun kuni Afg‘onistonning Paktiya, Paktika va Kunar viloyatlaridagi uchta nishonga berilgan havo zarbalari natijasida 25 nafar jangari yo‘q qilingan hamda katta miqdordagi qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yo‘q qilingan.
Shuningdek, Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyatining Bajaur tumanida o‘tkazilgan quruqlikdagi amaliyotlarda «Jamoat ul-Ahror» guruhiga aloqador yana to‘rt nafar jangari o‘ldirilgani qayd etildi.
Afg‘onistonning «Tolibon» hukumati vakili Hamdullo Fitrat esa Pokistonning havo hujumlari oqibatida kamida 38 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 163 kishi, jumladan, ayollar va bolalar jarohat olganini ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning asosiy qismi Paktiya viloyatidagi uyga berilgan havo zarbasi oqibatida sodir bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar qutqaruv ishlari davom etayotgan vaqtda ushbu hududga ikkinchi marta ham havo hujumi amalga oshirilganini bildirgan.
Pokiston rasmiylari mazkur amaliyotlar so‘nggi vaqtlarda sodir etilgan terrorchilik hujumlariga javob sifatida o‘tkazilganini ta’kidlamoqda. Xususan, 28-iyun kuni Karachi shahridagi chegara qo‘shinlari obyektiga qilingan hujumda uch nafar harbiy halok bo‘lib, to‘rt nafari yaralangani qayd etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter