Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning o‘limi haqida xabarlar tarqaldi

Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xonning o‘limi haqida xabarlar tarqaldi

Pokiston va Afg‘oniston ijtimoiy tarmoqlarida mamlakatning sobiq bosh vaziri Imron Xon qamoqda o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin, degan tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda. Bu haqda o‘zini «Baluchiston Tashqi ishlar vazirligi» deb tanishtirgan akkaunt va bir nechta norasmiy manbalar da’vo qilgan. Ammo da’volarni tasdiqlovchi hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q, Pokiston hukumatidan esa bu masala bo‘yicha izoh berilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlarda iddao qilinishicha, Pokiston razvedka xizmati (ISI) va armiya qo‘mondoni Osim Munir go‘yoki Xonni qamoqda o‘ldirgan. Manbalar buni noma’lum – «ichki ma’lumotlarga» tayanib yozgan.

Biroq ushbu ma’lumotlarni mustaqil ravishda hech kim tasdiqlagani yo‘q. Xatto PTI (Pakistan Tehreek-e-Insaf) partiyasi, Xonning advokatlari va qarindoshlari ham bu haqda hech qanday ma’lumotga ega emasliklarini bildirgan.

India TV, shu jumladan bir qator Pokiston nashrlari ham bu xabarlarni tekshirishga harakat qilgan, ammo hech qanday tasdiq topmaganini ma’lum qilgan.

Adiala qamoqxonasi oldida katta odamlar to‘planib, Xonning ahvoli haqida ma’lumot olishga uringan. Internetda tarqalgan videolarda Xonning uch ayoli – Nurin Xon, Alema Xon va Uzma Xon qamoqxonaga kirishga ruxsat berilmayotgani ko‘rinadi.

Ular politsiya tomonidan ichkariga qo‘yilmaganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqdagi gumonlar yanada oshgan.

Jurnalistlar, huquqshunoslar va Xonning tarafdorlari rasmiy izoh va mustaqil tekshiruv talab qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Imron Xon 2023 yil avgustidan beri Adiala qamoqxonasida saqlanmoqda. Oxirgi bir necha oy davomida ham oila a’zolari, ham partiya yetakchilari bilan uchrashuvlar deyarli cheklangan. 

Pokiston hukumati bunday cheklovlar bo‘yicha rasmiy tushuntirish bermagan, ammo Xon tomonidan bildirilishicha, armiya turma ma’muriyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma berib, uning tashqi dunyo bilan aloqalarini cheklamoqda. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring