Putin KXShT kuchlarini rus qurollari bilan qurollantirmoqchi
Putin Bishkeκda bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) sammitida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, KXShT hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda Yevraziya makonida barqarorlik va xavfsizlikni kafolatlovchi asosiy struktura bo‘lib qolmoqda.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya KXShTning harbiy quvvatini mustahkamlashda, ayniqsa, aviatsiya kuchlari va havo hujumidan mudofaa tizimlarini yanada rivojlantirishni muhim deb biladi.
Uning ta’kidlashicha, bu yo‘nalish tashkilotning birgalikdagi tezkor harakatlanish qobiliyati va mintaqaviy xavflarga javob berish salohiyatini oshiradi.
U, shuningdek KXShT harbiy kuchlarini Rossiyaning zamonaviy qurol-aslahalar bilan jihozlash dasturini ishga tushirishni taklif qildi.
Rossiya yetakchisi bu haqda to‘xtalar ekan, tashkilot kuchlarini «maxsus harbiy operatsiya davomida samaradorligi isbotlangan rossiyalik qurollar bilan» qurollantirishni taklif qilgan.
Shu bilan birga, harbiy sohada texnologik yetakchilikni ta’minlash uchun mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik kengaytirilishi, mudofaa-sanoat korxonalari kooperatsiyasi chuqurlashtirilishi ta’kidlandi.
Rossiya KXShTning yangi aksilterror strategiyasini birgalikda tayyorlashni ham taklif qilmoqda. Terrorchilik guruhlari va ularning moliyalashtirish kanallariga chek qo‘yish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.
Ma’lumot uchun, KXShTning navbatdagi sammiti 2026 yil 11 noyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter