Tramp Putin rejasiga ergashyapti – yevrodeputat
Estoniyalik yevrodeputat, general-leytenant Rixo Terras Yevropadagi siyosiy muhit va Ukrainaga oid AQSh taklif qilayotgan tinchlik rejasi haqida qattiq tanqidiy fikrlar bildirdi.
Euronews’ga bergan intervyusida Terras Vashington taklif qilayotgan dastlabki 28 bandli tinchlik rejasi Ukrainaga nisbatan adolatsiz ekani va bu Rossiya manfaatlariga to‘liq mos kelishini aytadi.
«Ukraina armiyasini qisqartirish, keng ko‘lamli hududiy yo‘qotishlar, NATOga a’zo bo‘lishga veto va boshqa «kapitulyativ» shartlar Ukraina uchun «taslim bo‘lishga majbur qilish»dan boshqa narsa emas», – deydi yevrodeputat.
Terras, o‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Trampni ham keskin tanqid qiladi.
«Men juda hayronman: Tramp Putinning kapitulyasiya rejasiga yugurdak bo‘lib qolgan», – deydi u.
Uning fikricha, Amerika hozir Rossiya ritorikasiga juda oson ishonmoqda va bu Yevropaning xavfsizligi uchun juda xatarli.
Yevropa hali ham Ukrainaga yordam masalasida sekinlik qilayotgani Terrasni tashvishga solyapti. Uning qayg‘urishicha, Ukraina 2026-yilda katta mablag‘ga muhtoj bo‘ladi. Biroq Yevropa hali ham moliyaviy qarorlarni ortga siljityapti. Aslida zamonaviy xavflar faqat Ukrainaga emas — butun Yevropaga taalluqli.
«500 million aholi va 29 trln yevro YaIMga ega Yevropada Ukrainaga haqiqiy yordam berish uchun mablag‘ topilmasligi — bahona», – deydi Terras.
Deputatning bildirishicha, Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun yangi moliyaviy mexanizm ustida ishlayapti. Bu Belgiyada muzlatilgan rossiyalik aktivlar hisobidan reparatsion kreditni o‘z ichiga oladi.
«Yuridik jihatdan qiyin jarayon, lekin hujjat tez orada tayyor bo‘lishi kutilmoqda», – deydi Rixo Terras.
Shu bilan birga, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham Rossiyaning agressiya rejasi o‘zgarmaganini ta’kidlaydi va «Ukraina — faqat boshlanish bo‘lishi mumkin»ligi haqidagi xavotirini bildiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter