«Qamoq — kurort emas»: Sadir Japarov salkam 4,5 yillik o‘tmishini esladi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov tergov izolyatori (SIZO) yayrab o‘tiradigan joy emasligini ta’kidladi. Unga tergov izolyatorlaridagi sharoitlar ustidan arz kelib tushgandi, deb yozmoqda 24.kg.
«Tergov izolyatori — kurort emas, shuning uchun ham tergov izolyatori», — dedi Japarov.
Prezidentning ta’kidlashicha, tergov izolyatorida isitish pechidan foydalanishga ruxsat berilmaydi, ammo muassasa to‘liq davlat budjetidan istiladi va elektr bilan ta’minlanadi. Elektr xarajatlari soliq to‘lovchilarning hisobidan qoplanadi.
«Men o‘zim ikki marta tergov izolyatorida o‘tirganman. Birinchisida — 9 oy, ikkinchisida — 3,5 yil. Men shikoyat qildimmi? Yo‘q, chidadim, chunki bu tergov izolyatori», — deya o‘tmishini esladi Sadir Japarov.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda penitensiar tizimida sharoitlar ancha yaxshilangan.
«Ilgari odamlar qamoqda buzilardi, endi esa tuzalishmoqda. Hozir mahkumlarga uch mahal bepul ovqat beriladi, kiyim bepul, qish va yoz uchun bir xil forma. Ular ishlab, pul topishyapti, hatto ayrimlari uylariga pul jo‘natishyapti», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.
Qamoqdagi sharoit hamma uchun bir xil, dedi u xulosa qilib.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter