Rossiya va Italiya o‘rtasida diplomatik mojaro. Sababchi – yana o‘sha Mariya Zaxarova
Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning Rimda tarixiy minora qulashi ortidan bergan bayonoti Italiya jamoatchiligini darg‘azab qildi. Italiya tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan tushuntirish so‘rash uchun Rossiyaning Rimdagi elchisi Aleksey Paramonovni suhbatga chaqirdi.
Kuni kecha Rimda o‘rta asrlarga oid Konti minorasining bir qismi qulab tushgan edi. Rasmiy Moskva insoniy talafotga olib kelgan holatdan foydalanib Italiyaga dahanaki hujum uyushtirgan.
“Italiya hukumati o‘z soliq to‘lovchilari pulini maqsadsiz sarflar ekan, butun Italiya – iqtisodiyotdan to minoralargacha qulaydi”, – deb yozgan Rossiya TIV rasmiy vakili M.Zaxarova Telegramdagi rasmiy sahifasida.
Rus diplomati bahsli postida Italiya so‘nggi vaqtlarda Ukrainaga 2,5 milliard yevro miqdorida ko‘mak ko‘rsatganini ham eslatgan.
Fojia sabab hamdardlik bildirish o‘rniga tanqidiy ruhda bayonot berilishi Rimni norozi qilgan va Rossiya elchisi “gilam”ga chaqirilgan.
“Bu sharmandali bayonot madaniy mamlakatda aslo qabul qilinmaydi. Biz ham nafratga loyiq ushbu bayonotni rad etamiz. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo bu Rossiya xalqi muammolarga duch kelsa, hamdardlik bildirmasligimizni anglatmaydi. Ulardan ham ana shunday hurmat talab qilamiz”, – degan Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani.
Zaxarova Italiyaga nisbatan avval ham provokatsion bayonotlar bergani ma’lum. Xususan, u joriy yil fevral oyida Italiya prezidenti Serjo Mattarellani “yolg‘on tarixiy muqoyasa”da ayblagan edi. Gap shundaki, Italiya prezidenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushini Ikkinchi jahon urushi davridagi uchinchi reyx loyihasiga mengzagan edi. O‘shanda Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Mariya Zaxarovaga keskin javob qaytarib, u butun italyan xalqini haqorat qilganini aytgandi.
Mart oyida Hirosimada chiqish qilgan Italiya prezidenti Moskva xatarli yadro g‘oyasini ilgari surayotganini aytgan, Zaxarova bunga javoban Rimni soxtakorlikda ayblagan edi. Pirovardida Rossiya elchisi A.Paramonovga Italiya tomonidan rasmiy protest topshirilgan.
Iyul oyida esa Italiya prezidenti, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Kreml tomonidan “rusofoblar ro‘yxati”ga kiritildi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 2022 yil fevral oyidan buyon rasmiy Moskvaning jarchisi sanalgan M.Zaxarovaga nisbatan Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiya joriy etilgan.
Mariya Zaxarova so‘nggi yillarda O‘zbekistonga nisbatan ham diplomatik madaniyatdan yiroq bayonotlar bergan. Jumladan, u 2024 yil 25 sentyabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani 188-maktabda kuzatilgan kichik bir holat yuzasidan O‘zbekistondan “rasmiy tushuntirish” so‘ragandi. O‘z navbatida, “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov rus diplomatiga javoban O‘zbekistonning “ichki ishlari haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘z ishlari bilan shug‘ullanish”ni tavsiya qilgandi.
Zaxarova 2020 yil may oyida O‘zbekistonda davlat tilida ish yuritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan munozarali bayonoti bilan ham jamoatchilikda kuchli e’tiroz uyg‘otgan edi.
2020 yil iyun oyida esa voiz xonim Ruminiya siyosatdonlarida mustaqil fikr yo‘qligini iddao qilishi ortidan yana bir diplomatik mojaroga sabab bo‘lgan.
O‘sha yili Rossiya prezidenti Vladimir Putin aynan Zaxarovaning kinoyali posti sabab Serbiya rahbari Aleksandr Vuchichdan uzr so‘rashga majbur bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter