Pedofillarga umrbod qamoq, shilqimlarga kuchaytirilgan jazo — Prezidentning yangi farmoni qabul qilindi
Qamoqdan qochgan pedofilning qo‘lga olinishi.
Prezidentning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq, ayollar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Endilikda shahvoniy shilqimlik sodir etgan shaxs 5 sutkagacha ma’muriy qamoq bilan cheklanib, jazoni “o‘tirib chiqish” orqali qutilib qolmaydi. Bu kabi huquqbuzarliklar uchun jazo muqarrar va og‘irroq bo‘ladi.
Farmon bilan quyidagi yo‘nalishlarda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqish belgilangan:
Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar
Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan quyidagi og‘ir jinoyatlar sodir etilgan taqdirda, umrbod yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklif etilmoqda:
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish;
- o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish.
Jinoyat kodeksining 129-moddasi
O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilganda javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek amaliyotdan kelib chiqib modda dispozitsiyasiga aniqlik kiritish ko‘zda tutilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar
Shahvoniy shilqimlik, nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo sanksiyalarini oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgan, ammo ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud hollarda shaxslarni javobgarlikka tortish tartibi takomillashtiriladi.
Umuman olganda, mazkur chora-tadbirlar jamiyatda voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish, jazoning muqarrarligini ta’minlash va huquqiy profilaktikani kuchaytirishda muhim qadam bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter