Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda onlayn «narkodo‘kon» asoschilari qo‘lga olindi

Toshkentda onlayn «narkodo‘kon» asoschilari qo‘lga olindi

Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan Telegram-bot faoliyatiga chek qo‘yildi.

Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga xizmat qilgan maxsus Telegram-bot aniqlandi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bot orqali gumonlanuvchilar kriptoaktivlarni qabul qilish, o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangan.

Tezkor chora-tadbirlar natijasida poytaxtning Yunusobod tumanida mazkur botni boshqarib kelgan uch nafar fuqaro qo‘lga olindi. Ulardan xolislar ishtirokida 4 dona mobil telefon, 3 dona noutbuk, turli banklarga tegishli 12 dona plastik karta, 11 dona SIM-karta hamda qog‘ozga o‘ralgan giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, ikki nafar gumonlanuvchining uyali telefonlari ko‘zdan kechirilganda, xorijiy va elektron kriptohamyonlar orqali qariyb 95 mingta moliyaviy tranzaksiya amalga oshirilgani, kriptoaktivlarning umumiy aylanmasi esa 2 million 375 ming AQSh dollarini tashkil etgani aniqlandi.

Yana bir gumonlanuvchining yashash xonadoni tekshirilganda, undan 550 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari topildi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring