«Mikrokreditbank» – tadbirkorlarning ishonchli hamkori (video)
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat iqtisodiy siyosatining ustivor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat banki tadbirkor va faol ishbilarmonlarning ishonchli hamkori sifatida faoliyat yuritmoqda. Ma’lumki, «Mikrokreditbank»ning asosiy maqsadi kichik biznes sub’yektlariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan.
Buxoro viloyatida ham «Mikrokreditbank» tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va xotin-qizlarning biznes g‘oyalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Bu yo‘nalishda yuzlab loyihalar amalga oshirilgan.
«Mikrokreditbank” ATB Axborot xizmati rahbar o‘rinbosari Yulduz Isakovaning «Xabar.uz» nashriga ma’lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida bank tomonidan 7,4 trillion so‘m kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan 247 ta korxonaga 1,7 trillion so‘m miqdorida boshqa kredit liniyalari ajratilib, 6 300 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Shundan 558,3 milliard so‘m xorijiy kredit liniyalariga to‘g‘ri keladi.
«Buxoro viloyati bo‘yicha 30 ta tadbirkorlik sub’yektiga 111 milliard so‘m miqdorida kredit liniyalari ajratilib, natijada 500 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Shu mablag‘larning 43,2 milliard so‘mi xorijiy kredit liniyalari hissasiga to‘g‘ri keladi» – dedi Yulduz Isakova.
Tadbirkorlik loyihalarini keng jamoatchilikka tanitish maqsadida Buxoro viloyatida press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar dastlab, Buxoro shahridagi «ALFA MEDICAL CENTER» xususiy klinikasi faoliyati bilan tanishdilar.
Klinika ish boshqaruvchisi Shohruzjon Muxtorovning ta’kidlashicha, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan klinika «Mikrokreditbank»dan 4,5 million AQSh dollari miqdorida kredit olgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan Yevropa davlatlaridan zamonaviy tibbiyot uskunalari xarid qilingan va ularning ishlash jarayoni xorijiy mutaxassislar tomonidan o‘rgatilgan.
«Hozirgi kunda klinikamizda 24 nafar tibbiyot xodimining bandligi ta’minlangan. Faoliyatni yanada kengaytirish va qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish niyatimiz bor. «Mikrokreditbank»dan olingan kredit, nafaqat, moliyaviy yordam, balki, ishonch ramzi bo‘ldi», – dedi Shohruzjon Muxtorov.
Shuningdek, bank mablag‘lari yordamida Buxoro tumanidagi «Buxoro tekstil dizayn» MChJ yangi tikish jihozlarini xarid qilib, 50 dan ortiq ish o‘rni yaratgan. G‘ijduvon tumanida yosh fermer «Yoshlar tadbirkorligi» dasturi doirasida 150 million so‘m kredit olib, issiqxona faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Vobkent tumanidagi «Buxoro suvenirlari» art-sexi esa bankning turizm sohasiga qaratilgan imtiyozli qarzidan foydalanib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishni boshlagan.
Bank tadbirkorlarga, nafaqat, moliyaviy yordam, balki, biznes reja tuzish, bozor tahlili va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha maslahatlar ham berib kelmoqda.
Bank mablag‘lari asosida faoliyat yuritayotgan «GIJDUVAN ECO BOTTLERS» MChJ meva sharbatlari hamda salqin ichimliklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxona 4 milliard so‘m kredit asosida ish boshlab, keyinchalik yana 12 milliard so‘m kredit olib, qo‘shimcha uskunalar xarid qildi va 58 nafar aholi bandligini ta’minladi.
«EKO» brendi ostidagi mahsulotlarimiz mahalliy bozorda gazli va gazsiz suvlarga bo‘lgan talabni qondirmoqda. Joriy yil yakuniga qadar meva sharbatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun Xitoy bilan hamkorlik boshlandi. Korxona binolarini ta’mirlashdan tortib, uskunalar xaridigacha bo‘lgan barcha jarayonlar bank mablag‘lari hisobiga amalga oshirildi. Dastlab 20 nafar xodim bilan ish boshlagan bo‘lsak, hozirda bu ko‘rsatkich ikki barobardan ziyodga oshdi», – dedi korxona ish yurituvchisi Ruslan Haqnazarov.
«Mikrokreditbank»ning Buxoro viloyatidagi faoliyati, nafaqat, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki, yangi ishbilarmonlar avlodini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish orqali iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shilmoqda.
«Mijozlar uchun qulaylik yaratish maqsadida Buxoro filiallarida onlayn ariza berish, elektron hisob-kitob tizimlari hamda mobil ilova orqali xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bu tadbirkorlarga vaqtni tejab, o‘z biznesiga ko‘proq e’tibor qaratish imkonini beradi, – dedi «Mikrokreditbank»ning Buxoro viloyati filiali Mahallabay ishlash va hududiy loyihalarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Feruz Tursunov.
Bugun «Mikrokreditbank», nafaqat, kreditlar bilan tadbirkorlarga qanot bag‘ishlayotgan, balki, ularning orzu-maqsadlariga yo‘l ochayotgan, ishonch va imkoniyat ko‘prigini qurib berayotgan bankka aylandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter