O‘zbekistonning kuzatilmaydigan iqtisodiyoti 245,5 trln so‘mga yetdi
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati 245,5 trillion so‘mni tashkil etgan.
Ushbu ko‘rsatkich yalpi ichki mahsulotning 22,9 foiziga to‘g‘ri keladi. Ya’ni mamlakatda yaratilgan har 100 so‘mlik yalpi ichki mahsulotning qariyb 23 so‘mi kuzatilmaydigan iqtisodiyot hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning 165,5 trillion so‘mi uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyatiga to‘g‘ri kelgan. Bu yalpi ichki mahsulotning 15,4 foizini tashkil etadi. Yashirin iqtisodiyot hajmi esa 80 trillion so‘m yoki 7,5 foiz bo‘lgan.
Uy xo‘jaliklari va jismoniy shaxslar faoliyati hamda yashirin iqtisodiyot tarkibida eng katta ulush qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan — 60,5 foiz.
Xizmatlar sohasining ulushi 23 foizni tashkil etgan. Qurilish sohasi 17,8 foiz bilan keyingi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, sanoatning ulushi 6,7 foiz bo‘lgan.
Bu ko‘rsatkich nimani anglatadi?
Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning yalpi qo‘shilgan qiymati rasmiy statistika va hisobotlarda to‘liq aks etmaydigan iqtisodiy faoliyat natijasida yaratilgan qiymatni anglatadi. Oddiy qilib aytganda, mahsulot ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatishdan olingan daromadning bir qismi rasmiy hisobda aks etmasligi mumkin.
Masalan, norasmiy ishlayotgan usta xizmat ko‘rsatib, haq oladi va materiallar sotib oladi. Materiallarga sarflangan xarajatlar chiqarib tashlangandan keyin qolgan qiymat qo‘shilgan qiymat hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich iqtisodiyotning real ko‘lamini baholashda muhim bo‘lib, qaysi sohalarda kuzatilmaydigan faoliyat ulushi yuqoriligini aniqlashga yordam beradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter