Senat 2026 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida «2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, mazkur Qonunning maqsadi 2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Senatorlar ta’kidlaganidek, 2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limga ega bo‘lish kabi ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan.
Jumladan, Davlat budjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki
220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Davlat budjeti xarajatlari tarkibida ta’lim sohasi uchun 100 trln so‘m nazarda tutilgan, tibbiyot sohasiga esa 49 trln so‘m yoki joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.
Qonunga asosan kelgusi yilda inflyasiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
2026 yilda Davlat budjeti xarajatlari 402,6 trln so‘mni, daromadlari esa 368,9 trln so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari esa 78,6 trln so‘m, xarajatlari 74,4 trln so‘m (budjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida rejalashtirilmoqda.
Xususan, mazkur Qonunda 2026-yilda konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlar esa 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi vazifasi nazarda tutilgan.
Muhokama jarayonida senatorlar budjet daromadlarini oshirish va budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.
Senatorlar o‘z chiqishlarida 2026-yilda makroiqtisodiy siyosat sohasida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter