Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Angren IES murojaati ortidan katta miqdordagi mablag‘ qayta hisoblanmoqda

Angren IES murojaati ortidan katta miqdordagi mablag‘ qayta hisoblanmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Raqobat qo‘mitasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida “YEROSTIGAZ” AJ tomonidan asossiz olingan qariyb 2,8 milliard so‘m pul mablag‘larini yakuniy iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish belgilandi.

Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Angren shahrida faoliyat yurituvchi “ANGREN ISSIQLIK ELEKTR STANSIYASI” AJ murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, “YEROSTIGAZ” AJ tomonidan 2024 yil fevral oyida yetkazib berilgan gaz uchun amaldagi 135 969 so‘m tarif o‘rniga, belgilangan tartibda deklaratsiya qilinmasdan 265 536 so‘mlik oshirilgan tarif qo‘llanilgan. Natijada ushbu oyda 1,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ asossiz ravishda undirilgan.

Shuningdek, mart oyida 12 kun davomida qariyb 1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘ olingani aniqlanib, jami asossiz hisoblangan summa qariyb 2,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “YEROSTIGAZ” AJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 239-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzish alomatlari bilan ish qo‘zg‘atildi. Qarorga muvofiq, jamiyatga moliyaviy jarima qo‘llash belgilangan.

Bundan tashqari, qonunbuzilishlarni bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda asossiz hisoblangan qariyb 2,8 mlrd so‘m mablag‘ni yakuniy iste’molchiga qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma berilgan.

Mazkur ish hozirda sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring