Bojxonachilar uchun imtiyozli ravishda uy-joylar qurib beriladi — loyiha
O‘zbekistonda bojxona organlari xodimlariga imtiyozli ravishda uy-joylar qurish va berish rejalashtirilmoqda. Bu tartib Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilayotgan tegishli qonun loyihasiga ko‘ra, turar joyga ega bo‘lmagan xodimlarga xizmat qilayotgan joylarida bevosita yaqin yerda yashashi kerak bo‘lgan hollarda xizmat turar joyi berilishi mumkin.
Xizmat turar joyi bojxona organlari xodimlariga ularning faqat bojxona organlarida xizmatni o‘tash davriga beriladi va ular xususiylashtirilmaydi.
Xodim xizmatdan bo‘shatilganda, xodim yoki u bilan birga yashayotgan oila a’zolari shaxsiy uy sotib olganda yoxud yashash sharoitlarini yaxshilaganda va yoki yangi xizmat joyiga ketganda (uy-joy bilan ta’minlangan bo‘lsa) o‘n kundan kechiktirmay bo‘shatib berishi shart.
Shuningdek, xodimlar vafot etganda (xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holatda) vafot etgan xodimning oila a’zolari (eri (xotini), farzandlari yoki qaramog‘ida bo‘lgan shaxslar) bo‘lmasa yoki ularning nomida shaxsiy turar joy bo‘lsa ham yuqoridagi tartibga ko‘ra uy bo‘shatib berilishi kerak bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, amaldagi tartibga ko‘ra, uy-joy olishga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb topilgan bojxona organlari xodimlariga uy-joy maydoni olish huquqi berilgan.
Shuningdek, bojxona organlari xizmat uy-joy fondini tashkil etishi mumkin.
Bojxona organlari xodimlariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun pul kompensatsiyasi to‘lanadi. Ularga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar olish va yakka tartibda uylar qurish uchun yer uchastkalari olish huquqi ham berilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter