Kredit qarzdorligini nafaqa va yordam pullaridan undirish taqiqlanadi
Markaziy bank boshqaruvining «Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qarori Adliya vazirligida 2025-yil 28-oktyabr kuni 3030-11-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mazkur nizomga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan quyidagi asosiy talablar joriy etilmoqda:
- banklar tomonidan qarz oluvchi jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida ma’lumot berilishini nazarda tutuvchi standart chek-list shakli amaliyotga joriy etilmoqda. Bu chek-list qarz oluvchilarga kredit bilan bog‘liq majburiyatlar va ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida oldindan tushuntirish bergan holda, ularni mas’uliyatli qaror qabul qilishga undaydi;
- moliyaviy qiyinchiliklar sababli kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashda qiynalayotgan qarz oluvchilarning amaldagi kredit shartnomasiga o‘zgartish kiritish bo‘yicha bankning ichki tartibi bo‘lishi va uni iste’molchilarga oshkor qilishi talabi belgilanmoqda. Bu talab mijozlarni qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlash tizimini rivojlantirish, kreditni restrukturizatsiya qilish jarayonlarini shaffof qilish hamda aniq qoidalarni shakllantirishga xizmat qiladi;
- ayrim insofsiz amaliyotlarni cheklash, xususan iste’molchilarni ular so‘rovida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq kredit olishga undamaslik, davlat tomonidan ajratiladigan ijtimoiy nafaqa va yordam mablag‘lariga qarzdorlikni qaratmaslik hamda kredit to‘lovlarini jadvalda belgilangan sanaga qadar talab qilmaslik belgilanmoqda. Bu normalar aholining ortiqcha qarz olishining oldini oladi va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlaydi;
- moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilganda iste’molchining xohish-irodasini ifodalovchi har qanday belgilarni oldindan o‘rnatish yoki tanlab qo‘yish, kredit parametrlarini oldindan to‘ldirish cheklanmoqda. Bu esa iste’molchilarning qaror qabul qilish erkinligini ta’minlaydi va bank xizmatlari shartlarini shaffof qiladi;
- tijorat banklari tomonidan iste’molchilarga omonatlarni kafolatlash tizimi, kafolatlanadigan omonat turlari va miqdori, kompensatsiya berish tartibi hamda uni to‘lash muddatlari haqida batafsil ma’lumot berish talabi joriy etilmoqda. Bu talab aholining omonat xavfsizligi to‘g‘risidagi xabardorligini oshiradi va bank tizimiga ishonchni mustahkamlaydi.
Nizomga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar 2026 yil 29 yanvardan kuchga kiradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter