O‘zbekistonda ilk bor Global ekomarkalash tarmog‘i uchrashuvi o‘tkazilmoqda

2025 yil 13–17 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Global ekologik markirovkalash tarmog‘ining yillik yig‘ilishi — (Global Ecolabelling Network — GEN AGM 2025) bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir tashkilot tarixida ilk bor Markaziy Osiyoda o‘tkazilmoqda.
Tadbir GEN kotibiyati va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tashkil qilindi. Unda 25 mamlakatdan 60 dan ortiq delegat — milliy ekomarkirovka tizimlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va ekspertlar qatnashmoqda.
Tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan izchil ekologik siyosat tufayli amalga oshdi. So‘nggi yillarda mamlakat ekologik sertifikatlash tizimini rivojlantirish, ekologik mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va «YashilBelgi» milliy tashabbusini ilgari surish yo‘lida muhim qadamlarga erishdi.
Ochilish marosimida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov quyidagilarni ta’kidladi:
“Biz ekologik markirovkani nafaqat sertifikatlash vositasi, balki ishlab chiqaruvchilar, davlat va iste’molchilar o‘rtasidagi ishonch mexanizmi deb bilamiz — bu sifat, xavfsizlik va tabiatga e’tibor belgisi. U bizning innovatsion, raqobatbardosh va ekologik yo‘naltirilgan iqtisodiyotni yaratish bo‘yicha strategik yo‘nalishimizda muhim ahamiyatga ega. «YashilBelgi» milliy ixtiyoriy ekomarkirovka tizimini yaratganimiz va muvaffaqiyatli joriy etganimiz quvonarli natijadir”.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 20 yanvardagi 20-sonli Qaroriga binoan, mamlakatda mahsulot va xizmatlarga ixtiyoriy ekologik markirovka tizimi joriy etildi. Qisqa vaqt ichida 22 ta milliy standart tasdiqlandi, «YashilBelgi» tizimi ishlab chiqildi, ekologik sertifikatlangan mahsulotlar uchun imtiyozlar belgilandi, O‘zbekiston GENga a’zo bo‘ldi va ilk mahsulotlar ushbu belgi bilan sertifikatlandi. Bu esa O‘zbekistonning global ekologik tashabbuslardagi ishtirokini mustahkamladi.
Ma’lumot uchun, Global ekologik markirovka tarmog‘i (GEN ) — 30 dan ortiq milliy ekologik sertifikatlash tizimlarini birlashtirgan xalqaro nodavlat notijorat tashkilot. O‘zbekiston Respublikasi Ekologik sertifikatlash va standartlashtirish bo‘yicha Davlat markazi “Yashil Belgi” tizimining markaziy operatori hisoblanadi hamda mamlakatning GEN bilan aloqalarini muvofiqlashtiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter