Poytaxtning Temur Malik ko‘chasida tirgak devor o‘pirilib tushgan. Yo‘lda harakatlanish vaqtincha cheklandi
Bugun, 12-mart kuni Toshkent shahridagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi qisman o‘pirilib tushdi.
Poytaxt hokimligi hodisada jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilgan. Hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan, zarur xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
«Hozirda kompleks texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta», – deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Shu bilan birga, so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishini «dastlabki taxminlar» qatorida sanab o‘tildi.
Hokimlik, o‘z navbatida, nosozlikni bartaraf etish davrida Temur Malik ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan kesishmasidan Sultoniya ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan qismi barcha avtoransport vositalari harakati uchun vaqtincha yopilganini e’lon qildi.

Shu o‘rinda, Buyuk ipak yo‘li ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanmaydi, biroq Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Temur Malik ko‘chasiga tushish-chiqish yo‘llari vaqtincha yopiladi.
Shuningdek, avtobuslar harakati ham boshqa yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan:
- 49-sonli avtobus yo‘nalishining TTZ AShB tomon harakati T.Malik, Sultoniya, Sho‘rtepa-2, Sho‘rtepa, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi;
- 128-sonli avtobus yo‘nalishining harakati ikki tomonlama T.Malik, Do‘rmon yo‘li, Mirzo Ulug‘bek, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi;
- 149-sonli avtobus yo‘nalishining harakati ikki tomonlama Mingbuloq, Sh.Burxonov, Mirzo Ulug‘bek, T.Malik ko‘chalari orqali tashkil etiladi.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter