"Tax-tepa" etno ovulida Xalqaro etno-madaniy festival o‘tkazildi
Bugun Taxtako‘pir tumanining "Beltov" aholi punktida, "Tax-tepa" etno ovulida Xalqaro etno-madaniy festivalning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, barcha yig‘ilganlarni festival ochilishi munosabati bilan tabrikladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov, Vazirlar Kengashi Raisi F.Ermanov, Qozog‘iston Respublikasining favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, asrlar davomida turli millat vakillari yagona xalq bo‘lib, ahil-inoq yashab, yurtimiz taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.
Hurmatli Prezidentimizning alohida e’tibori bilan qayta hayot bag‘ishlangan "Beltov" ovulida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, bugun chin ma’noda yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Bu qishloq yonida «Bórshi taw» tepasida qurilgan, o‘tmishimizdan darak beruvchi, milliyligimizni o‘zida mujassam etgan «Tax-tepa» etno-qishlog‘i hududga yanada o‘zgacha ko‘rk, o‘zgacha chiroy bag‘ishlamoqda.
Bugungi o‘tkazilgan etno-madaniy festival aynan shu joyda o‘tkazilganida katta ma’no bor. Chunki bu yerda tashkil etilgan 70 ta Qora uy yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining o‘zligini namoyon etib turgan bo‘lsa, qo‘shni qishloq manzarasini o‘zida mujassam etgan 16 ta Paxsa uylar orqali ajdodlarimizning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
O‘tkazilgan festival doirasida tashkil etilgan turli tadbirlar, qardosh xalqlarning milliy urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan tarzda sahnalashtirilgan ko‘rinishlar, milliy raqs va qo‘shiqlar ijro etilishi, xalqimizning milliy o‘yinlari, baxshi va jirovlarning ajoyib chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan festival xorijdan kelgan mehmonlar, mahalliy ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter