Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda yirik xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi

Toshkentda yirik xalqaro musiqa festivali o‘tkaziladi

O‘zbekiston davlat filarmoniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Mamlakatlararo gumanitar hamkorlik Fondi hamkorligida poytaxtimizda “Oltin kuz” II-Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali o‘tkaziladi.

Festival ilk bora 2023-yilda tashkil etilgan. Bu yil ikkinchi bora o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro festival joriy yilning 11-noyabrigacha Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyi va boshqa musiqa saroylarida bo‘lib o‘tadi.

Unda Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Germaniya va boshqa mamlakatlardan professional ijodkorlar, ijodiy jamoalar hamda nufuzli mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Qolaversa, festivalda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, “Turkiston” va “O‘zbekiston solistlari” kamer orkestrlari jamoalari ham qatnashib, o‘zlarining yorqin konsertlari bilan muxlislarni xushnud etishadi.

Bundan tashqari festival doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huziridagi ta’lim muassasalarida xalqaro miqyosdagi yetuk mutaxassislar va yakkaxon ijrochilar ishtirokida mahorat darslari ham tashkil qilinadi. 

“Oltin kuz” Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivalining asosiy maqsadi – yurtimizda klassik musiqani yanada rivojlantirishga hissa qo‘shish, xalqaro toifadagi yetakchi orkestrlar va ijrochilar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni kuchaytirish hamda o‘zaro ijodiy tajriba almashinuvini ta’minlashdan iborat.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring