Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laylo Hayitova

Shiori: Olg‘a harakat qil, o‘rgan, izlan, urinib ko‘r, muhimi, to‘xtama!

Buxoroda yongan uy mahallaning dardiga aylandi (video, foto)

Tonggi soat to‘qqizga yaqinlashganda Buxoroning qadimiy Shayxon mahallasini kutilmagan gumburlash larzaga soldi. Yillar davomida yig‘ilgan mol-mulk, kelajak uchun tikilgan katta orzular va sarmoya, tadbirkorlik rejalari bor-yo‘g‘i 9 daqiqa ichida qop-qora tutun ostida qoldi. Ammo olov va quyun ichida qolgan begunoh go‘dakning omon chiqishi bu mudhish fojiadagi yagona taskin bo‘ldi. Bugun ushbu oila kultepa ustida turib, insoniylik va mas’ullarning va’dasidan umid kutmoqda...

Joriy yilning 10-yanvar kuni Buxoro shahridagi Shayxon mahallasining 116-xonadonida sodir bo‘lgan kuchli portlash nafaqat shu xonadon, balki butun mahalla ahlini larzaga soldi. Tong saharda yuz bergan bu hodisa kattalarni ham, hali uyqudan to‘liq uyg‘onib ulgurmagan bolalarni ham sarosimaga soldi, hamma ko‘chaga otildi.

Qo‘shnilardan biri o‘sha daqiqalarni hayajon bilan eslaydi:

— Hatto qo‘rqib, qaltirab qolganimizdan Favqulodda vaziyatlarga telefon qilib, zo‘rg‘a gapirdik. Soat salkam 9 larga yaqinlashayotganda qo‘ng‘iroq qildik. Ovozimiz titrab, nima bo‘lganini tushuntirishga harakat qildik...

Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Mirjon Fayzulloyevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, soat 08:58 da viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga hodisa haqida xabar kelib tushgan. Soat 09:10 da 3 ta yong‘in-qutqaruv avtoekipaji voqea joyiga yetib kelgan.

Ma’lumotga ko‘ra, yong‘in oqibatida yashash uyi 80 kvadrat metr maydonidagi jihozlari bilan to‘liq yonib, kulga aylangan. Aksiga olib shu kuni kuchli shamol ham kuzatilgan. Oqibatda shamol hovlining yon tomonida, ya’ni 30 kvadrat metr maydonda joylashgan uyga ham uchqunlarni uchirib, uning devorlari jiddiy talofat ko‘rgan, tomi yonib ketgan. Quyun va alanga butun xonadonni qamrab olgan. Faqat qutqaruvchilarning tezkor harakati tufayligina yong‘in soat 10:10 da to‘liq bartaraf etilgan.

Eng muhimi, yong‘in oqibatida hech kim tan jarohati olmadi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in yashash xonasidagi gaz pechkasi dudburoni qismidagi qizishning yog‘och qurilmalarga tarqalishi oqibatida kelib chiqqan.

O‘rganishlar davomida hech qanday jinoyat alomatlari aniqlanmagan. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (Reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandi hamda 333-moddasi (Jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish)ga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

«Vahimali gumburlashdan muzlab qoldik...»

Xonadon bekasi Sayyora Sattorova o‘sha fojiali daqiqalarni ko‘z yoshlari bilan eslaydi:

— O‘sha kuni tongda kelinim namozini o‘qib, ishga chiqib ketdi. O‘g‘lim ham o‘z uyidan kiyinib, ishga otlandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Nimadir sabab bilan o‘g‘lim ortga qaytdi. Men qarama-qarshi uyda xonalarni yig‘ishtirib yurgandim. Bir payt vahimali gumburlashdan muzlab qoldik. Quloqlarim tom bitdi. Bir zumda hammayoqni tutun va quyun qopladi. Otilib ko‘chaga chiqdik. Shovqin-suron, qiy-chuv... Qo‘ni-qo‘shnilar yugurib kelishyapti. Men esa karaxt bo‘lib qotib qolganman. Nima bo‘lyapti, anglolmayman. Toki 4-sinfda o‘qiydigan nabiram qora quyun va tutun orasidan chinqirib, dovdirab chiqib kelmaguncha o‘zimga kelolmadim...

Sayyora Sattorova

Uning aytishicha, ayni o‘sha paytda turmush o‘rtog‘i hovlidagi issiqxonada ishlayotgan bo‘lgan. O‘zi esa ikki nafar nabirasi bilan qarama-qarshi xonada gaplashib turgan. Eng alamlisi, bir nafar kenja nabirasi portlash sodir bo‘lgan xonada uxlab yotgani sarosimada hech kimning xayoliga kelmagan.

— Hamma yong‘inni o‘chirish bilan ovora. Kim chelaklab suv tashiyapti, kim tuproq sochyapti. Bola haqida esa hech kim o‘ylamadi. G‘aflatda qolibmiz. Ammo Allohga shukur, shu ne’matimni qaytarib berdi! — dedi Sayyora Sattorova.

To‘qqiz daqiqa ichida kulga aylangan orzular

Suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, barcha mol-mulk, yirik miqdordagi pul mablag‘lari, tilla taqinchoqlar, qimmatbaho buyumlar va uy hujjatlari bor-yo‘g‘i 9 daqiqa ichida yong‘in kultepasi ostida qolib ketgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu oila tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahalla xotin-qizlarining bandligini ta’minlash maqsadida tijorat banklaridan biri orqali yirik miqdorda kredit olgan. Bu mablag‘lar hisobiga 6 ta tikuv mashinasi va boshqa jihozlar xarid qilingan edi.

Afsuski, uy-joy bilan birga barcha tikuv mashinalari ham yonib ketgan.

— Mehnatkash va faol oila mahallamizda juda xayrli ishni boshlamoqchi edi. Kutilmagan yong‘in barchamiz uchun katta qayg‘u bo‘ldi. Ammo do‘st og‘ir kunda bilinadi. Mahalla ahli bir tanu bir jon bo‘lib yordamga oshiqdi. Eng muhimi, hech bir jon talofat ko‘rmadi. Yong‘indan bolaning omon chiqqaniga shukr qildik, — dedi «Shayxon» MFY raisi Avaz Elbekov.

Avaz Elbekov

Mahalla raisining aytishicha, o‘zini tanishtirishni istamagan saxovatpesha insonlardan biri ushbu oilaga yaxshigina miqdorda homiylik ko‘rsatgan. Shu mablag‘ evaziga yonib ketgan hovli-joy qarshisidagi ayvon va bitta xona tomi vaqtincha tiklandi. Mahalladoshlar ko‘magi bilan old ayvon selofan bilan to‘sildin.

Sovuq qish va sinovli kunlar

Uy bekasining turmush o‘rtog‘i: «Uysiz, ayvonsiz qolgach, qo‘shnilar, qarindoshlar qarab turishmadi. Sovuq kunlarda nabiralarimiz vaqtincha tog‘asinikidan panoh topishdi. O‘zimiz qishning yog‘in-sochinli kunlarini bir amallab o‘tkazdik. Bu ham bir sinov ekan. Qayg‘umizga sherik bo‘lganlardan minnatdormiz».

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu xonadonda yashab kelayotgan maktab yoshidagi 3 nafar bola ham maktab kiyim-kechaklari va o‘quv qurollarisiz qolgan. Maktab jamoasi ularga tezkor ko‘mak ko‘rsatib, zarur kiyim-bosh va o‘quv qurollari bilan ta’minlagan.

Ko‘mak masalasi va rasmiy jarayonlar

Buxoro shahri hokimining o‘rinbosari Ma’rifat Baqoyeva ushbu oila holati sodir bo‘lgan kundanoq e’tiborda ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, «Navro‘z» umumxalq bayrami arafasidagi hashar bevosita shu xonadonda kengroq uyushtirilishi rejalashtirilgan va mahalla ahli bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Ma’rifat Baqoyeva

— O‘sha soatdayoq ushbu xonadonga keldik. Mahalla yettiligi bilan holat o‘rganildi. Ijtimoiy reyestrga kiritish uchun ariza berildi. Biroq oilaning daromadi yuqoriligi sababli rad etildi. Lekin shunga qaramasdan, ushbu oilaga ko‘mak ko‘rsatish uchun barcha chora-tadbirlar qo‘llaniladi, — dedi mahalla ijtimoiy xodimi Shohjahon To‘layev.

Shohjahon To‘layev

Shohjahon To‘layev 2025-yil 26-dekabrda Vazirlar Mahkamasining 258-sonli qarori qabul qilinganini ta’kidladi. Ayni paytda uning ijrosi boshlangan bo‘lib, tabiiy ofatdan jabrlangan yoki 1–2-guruh nogironligi bor, shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan oilalar uchun imtiyozlar yaratilmoqda. Mahalla yettiligining xulosasi asosida tizimga o‘zgartish kiritish jarayoni ketmoqda.

— Oilani kiritib ko‘ramiz. Agar dastur tortadigan bo‘lsa, ko‘mak ko‘rsatiladi, — dedi u.

Bu fojia bir oilaning emas, butun mahallani qayg‘uga soldi. Bir necha daqiqa ichida mol-mulk, orzu-umidlar, yillar davomida yig‘ilgan boylik kulga aylandi. Ammo eng katta boylik — inson hayoti saqlanib qoldi.

Mutasaddilar va mas’ullar munosabatidan kelib chiqib, o‘ylaymizki, yong‘indan juda katta aziyat chekkan ushbu oila e’tibordan chetda qolmaydi va va’dalar qog‘ozda qolib ketmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring