Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ahmad ash-Shar’aga qarshi yana suiqasd uyushtirildi

Ahmad ash-Shar’aga qarshi yana suiqasd uyushtirildi

Foto: AFP

So‘nggi oylar mobaynida Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’aga qarshi ikkita suiqasdning oldi olindi. Reuters agentligi yuqori martabali mulozimlarga tayanib xabar berishicha, Suriya rahbariga qarshi suiqasdlarni IShID terrorchi guruhi tashkil etgan.

Manbalarga ko‘ra, IShID Ahmad ash-Shar’a qatnashishi ko‘zda tutilgan tadbirda fitnani amalga oshirishni rejalashtirgan.

Suriya axborot vazirligi vakili xavfsizlik vajidan suiqasdlar yuzasidan izoh bermagan, ammo IShID Suriya va butun mintaqa xavfsizligiga real tahdid solayotganini ta’kidlagan.

Vazirlikka ko‘ra, so‘nggi 10 oy davomida Suriya vakolatli idoralari bir qator terrorchilik hujumlarining oldini olgan. 

Suriya rahbariga qarshi suiqasd haqidagi axborot Ahmad ash-Shar’aning Vashingtonga tarixiy tashrifi arafasida e’lon qilingani e’tiborni tortadi.

Avval xabar berganimizdek, AQSh prezidenti Donald Tramp 10 noyabr kuni Oq uyda Ahmad ash-Shar’a bilan uchrashdi. Suriya axborot vaziri Hamza Mustafo uchrashuvdan so‘ng X platformasidagi sahifasida Damashq AQSh boshchiligidagi IShID terrorchi guruhiga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilganini ma’lum qilgan. Vazirning ta’kidlashicha, mazkur kelishuv «faqat siyosiy xarakterga ega, unda harbiy jihat mavjud emas».

Ahmad ash-Shar’a hukumati so‘nggi oylarda IShIDga qarshi kurashda AQSh qurolli kuchlari bilan harakatlarni muvofiqlashtirib kelayotgani aytiladi.

Ma’lumot o‘rnida: «Hay’at tahrir ash-Shom» guruhi 2024-yil 8-dekabr kuni Curiya rahbari Bashar Asad hokimiyati ag‘darilishida muhim o‘rin tutgan edi. Shundan keyin guruh yetakchisi Ahmad ash-Shar’a Suriyaning amaldagi prezidentiga aylandi.

Joriy yil iyul oyida ham Ahmad ash-Shar’aga qarshi uchta suiqasdning oldi olingani xabar qilingandi.

Avvalroq Isroil davlatining diaspora masalalari bo‘yicha vaziri Amixay Chikli Suriya muvaqqat prezidentini «terrorchi» deb atagan va uni o‘ldirishga chaqirgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring