Moskvada yana bir general mashinasida portlatib yuborildi
Moskva janubida RF QK Bosh shtabi tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i, general-leytenant Fanil Sarvarov o‘z avtomobilida portlatib yuborildi. Bu haqda RF Tergov qo‘mitasi ma’lum qildi.
Holat yuzasidan qotillik sodir etish va portlovchi moddalarning noqonuniy aylanishi moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Portlash 22 dekabr kuni ertalab Yasenevaya ko‘chasidagi 12-uy yaqinidagi to‘xtash joyida sodir bo‘lgan. Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, portlovchi qurilma avtomobil tagiga o‘rnatilgan. «Kommersant’» nashrining yozishicha, portlash uchun magnitli minadan foydalanilgan. Tergov bir nechta versiyalarni ko‘rib chiqmoqda, ulardan biri — jinoyatning Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tashkil etilganidir.
«Baza» telegram-kanalining xabar berishicha, general o‘zining Kia Sorento avtomobilida bir necha metr yurishga ulgurgan va shundan so‘ng portlash yuz bergan. Suratlardan ko‘rinishicha, zarba mashinaning old qismiga to‘g‘ri kelgan.
«Dojd» telekanali ma’lumotlar bazalariga tayanib, 2013 yilda ishlab chiqarilgan Kia Sorento Sarvarov nomida bo‘lganini, «Agentstvo» nashri esa portlash RF Bosh razvedka boshqarmasining bir necha xodimlari istiqomat qiladigan uydan 150 metr masofada sodir bo‘lganini yozmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 56 yoshli Fanil Sarvarov 1992–2003 yillarda Osetin-Ingush mojarosi va Chechen urushida qatnashgan. 2015–2016 yillarda Suriyadagi harbiy operatsiyalarni tashkil etish va o‘tkazish vazifalarini bajargan. Shuningdek, «Proyekt» nashri uni Ukrainaga bostirib kirishda ishtirok etayotgan qo‘mondonlar bazasiga kiritgan edi. General 2016 yildan beri Bosh shtabning tezkor tayyorgarlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday voqea 2024 yilning dekabrida general Kirillov bilan ham sodir bo‘lgan va o‘shanda harbiy skuterga o‘rnatilgan portlovchi qurilmaning ishga tushirilishidan halok bo‘lgan edi. Joriy yilning 25 aprelida esa Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh operativ boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 59 yoshli general-leytenant Yaroslav Moskalik avtomobil portlashi oqibatida halok bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter